Beeline muhimmi yoki 4G tezlik?

Beeline uz web Image copyright Beeline.uz
Image caption Bugungi kunda Beeline xizmatining sifati mamlakatdagi eng baland mobil aloqa shirkati, biroq bundan ham aʼlo boʻlishi mumkin edi

Toshkentdagi Xalqaro Press-klubda rasmiylar Beeline shirkati Oʻzbekiston mobil aloqa bozorida yuzma-yuz kelgan navbatdagi muammo borasida oʻz munosabatlarini bildirganlar.

Navbatdagi muammo deyilishining sababi, 2012 yilda "Oʻzdunrobita"ning 12 million atrofidagi mijozlari bir kunda aloqadan mahrum boʻlganidan boshlab Oʻzbekiston mobil aloqa bozori bilan bogʻliq mojarolar Yevropa va AQShgacha tarqalgan, rahbarlar lavozimlaridan ayrilib, shirkatlar yuzlab million dollar jarima toʻlashigacha toʻgʻri kelgan.

Soʻnggi mojaroning "Oʻzdunrobita" mijozlari 2012 yili aloqasiz qolganlari bilan ham bogʻliq.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Radiochastotalar kengashi 900/1800 megagerts diapazonidagi radiochastotalarni toʻrtta mobil aloqa shirkati oʻrtasida qayta taqsimlashga qaror qilgan.

Bu, Beeline mobil aloqa shirkati oʻzi egalik qilib kelgan radiochastotalarning qariyb yarmini yoʻqotadi, deganidir.

Beeline oʻziga tegishli radiochastotalarning 47 foizini yoʻqotayotganidan norozi va Oʻzbekistonning Radiochastotalar boʻyicha kengashini sudga berishga qaror qilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bugun Oʻzbekistonda eng koʻp - 9,5 million mijozga ega Beeline shirkatiga koʻra, radiochastotalarni qayta taqsimlash qarori oʻzlariga 50 million dollarlik moliyaviy zarar yetkazadi.

Beeline 2016 yil avgustida radiochastotalarga taalluqli shartnomani yana 15 yilga yangilaganini, ushbu bitim yakuniga yetgunicha kuchida qolishi lozimligini aytgan.

Ammo Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatovning aytishicha, Oʻzbekistondagi radiochastotalarning aksarini bir shirkat ixtiyorida qoldirish mamlakatdagi mobil aloqa sifatini yaxshilash harakatlarini orqaga suradi.

Xalqaro Press-klubda muvaqqat vazir Sherzod Shermatov shunday muqoyasa keltirgan: "Oddiy qilib aytganda, bir keng yoʻl bor. Sizning uncha katta boʻlmagan uchinchi avloddagi yuk avtomobilingiz bor. Kimdir yoʻlning maʼlum qismini band qiladi. Orqangizdan toʻrtinchi avloddagi operatorlar kelishayapti, biroq siz ularga yoʻl bermayapsiz. Agar hamma yoʻllar ochib qoʻyilsa, kimning yuk avtomobili yaxshi boʻlsa, oldinga oʻtib ketaveradi".

Janob Shermatov aytishicha, bugungi kunda Oʻzbekistondagi LTE (4G) standartidagi aloqa respublika hududining atigi 1 foizini qamrab olgan.

Shuning uchun Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil aloqa bozorida raqobat muhitini kengaytirish va takomillashtirish, 4G xizmati koʻrsatishi uchun mobil aloqa operatorlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadlarini koʻzlab radiochastotalarni qayta taqsimlab chiqishga qaror qilgan.

4G yoki LTE mobil aloqaning toʻrtinchi avlodi boʻlib, koʻchadagi odamga aloqani 100 Mbit/sekundda, statsionar abonentlarga esa 1 Gbit/soniya tezlikda uzatish imkonini beradi.

Beelinedan aytishlaricha, Rossiyaning "Vimpelkom" shirkati Oʻzbekiston mobil aloqa bozorida faoliyat boshlaganidan keyin nafaqat Unitel shirkatini, balki radiochastotalari zarur boʻlgani uchun Buztel va Uzmacom GSM-operatorlarini ham sotib olgan, endi esa haqli ravishda oʻzlariga tegishli boʻlgan radiochastotalarni tortib olayaptilar.

Beeline xoʻjalik sudigacha bormasdan, kelishuvga erishilishiga umid qilayotganini aytgan.

Shu kunlarda Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Beeline, Ucell, Universal Mobile Systems va Uzmobile mobil aloqa shirkatlari vakillari ishtirokida muammoni hal etish yoʻllarini izlash maqsadida ishchi yigʻilishlarini oʻtkazishga qaror qilingan.

Soʻnggi yangilikdan Ucell, Universal Mobile Systems va Uzmobile shirkatlari xursandlar, ular endi mijozlarga 4G aloqasini kengaytirish yoʻllarini izlayotganlarini aytmoqdalar.

Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlum qilishicha, shu yil aprelida Oʻzbekistondagi mobil aloqa mijozlarining soni 21 million 400 dan oshgan.

Vazirlik shu yil oxirigacha butun mamlakat boʻylab 450 ta 4G mobil baza stantsiyalari oʻrnatilishi rejalanganini xabar qildi.

Bugungi kunda Beeline xizmatining sifati mamlakatdagi eng baland mobil aloqa shirkati hisoblanadi.

Shirkat Oʻzbekistonning chekka hududlarida ham uzluksiz aloqani taʼminlashga harakat qilib kelmoqda.

Signal tarqatadigan antennalar, podstantsiyalarni elektr quvvati bilan taʼminlaydigan koʻchma generatorlarning sonini koʻpaytirish yoʻllari koʻrilayapti.

Beeline Oʻzbekistondagi eng koʻp mobil Internet xizmatini koʻrsatayotgan shirkat hamdir.

Biroq Oʻzbekistondagi boshqa xorijiy shirkatlar qatori Beelineda ham oʻz daromadini konvertatsiya qilish muammosi mavjudligi xizmat sifatini bundan ham yaxshilashga toʻsqinlik qilib kelgan qator omillardan biri deb tilga olinadi.

Shuning uchun ham tuman markazlaridan 5-10 kilometr uzoqlikdagi koʻplab qishloq va aholi yashash maskanlaridagi insonlarning mobil telefoniga qoʻngʻiroq qilib tushish mushkul boʻlib turibdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02