Shahrixon: oddiy sanitariya talablari inkor etilgan

Muzqaymoq Image copyright PA

Andijon va respublika tibbiyot masʼullari maʼlum qilishlaricha, Shahrixondagi qahvaxonada muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish sanitariya-gigiyena qoidalarining buzilishi oqibatida roʻy bergan.

Maʼlum boʻlishicha, Andijon shahrida istiqomat qilgan tadbirkor Shahrixonda muzqaymoq savdosini yoʻlga qoʻygan boʻlgan.

Sogʻlikni saqlash vazirligi xabar qilishicha, andijonlik tadbirkor oʻzining uyida muzqaymoq uchun qorishma tayyorlaydigan tsexni noqonuniy tashkil qilgan.

"Muzqaymoq tayyorlash jarayonida sanitariya talablariga rioya qilinmagan".

Vazirlikka koʻra, muzqaymoq qorishmalari oziq-ovqat mahsulotini tashish mumkin boʻlmagan plastmassa idishlarda Shahrixondagi qahvaxonaga olib borilgan.

"Muzqaymoq qorishmasi vaqtinchalik saqlanadigan idishlar, 4 ta frizer(muzlatish) uskunalarining muzqaymoq solinadigan sigʻimlari hamda frizer uskunasi qismlarini yuvish va zararsizlantirish uchun sharoit yaratilmagan, dezinfektsiya vositalaridan foydalanilmagan", deyiladi tibbiyot vazirligi tarqatgan xabarda.

Shuningdek tekshirishlar jarayonida tadbirkorda yumshoq muzqaymoq qorishmasi tayyorlashdagi xavfsizlikni kafolatlaydigan hujjatlar boʻlmagani, muzqaymoq ishlab chiqarishda esa ishlab chiqarilgan vaqti va yaroqlilik muddatlari nomaʼlum boʻlgan xomashyolardan foydalanilgani aniqlangan.

"Kafeda faoliyat yuritgan 4 nafar xodim oʻrnatilgan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtmagan", deyiladi Sogʻlikni saqlash vazirligi xabarida.

15 may kunidan boshlab Shahrixon tumanida zaharlanish alomatlari bilan odamlar shifokorlarga murojaat eta boshlaganlar.

Oʻzbekiston: 212 kishini zaharlagan muzqaymoq

Favqulodda Vaziyatlar vazirligiga koʻra, 180 nafardan koʻproq kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ularda ich ketishi, qayd qilish kabi holatlar kuzatilgan.

Aksar bemorlar shifoxonalardagi qisqa muolaja ortidan uylariga javob berilgan.

Tibbiyot vazirligi 33 kishi shifoxonalarda qolayotganini xabar qildi.

Internet xabarlariga koʻra, kamida 5 kishining ahvoli hamon ogʻir qolayotgani aytiladi.

Oʻzbekiston internet nashrlari rasmiylarga tayangan holda, zaharlanishdan nobud boʻlganlar yoʻqligini yozishmoqda.

Toshkentdan Shahrixonga Sogʻlikni saqlash vazirligi, Virusologiya, Epidemiologiya institutlari rahbarlari va mutaxassislari yuborilganlar.

Hodisa yuzasidan ichki ishlar boʻlimi ham surishtiruv boshlagan.

Koʻpchilik Shahrixon tuman va Andijon viloyat sanitariya-epidemiologiya xizmatlari masʼullari qayoqqa qaragan, degan savolni bermoqda.

Ammo sanitariya talablariga eʼtiborsizlik faqatgina Shahrixondagina kuzatilmaydi.

"Chunki taomlarning sanitariya va gigiyena talablariga javob berishini tekshiradigan idoralar u qadar yaxshi ishlashmaydi", deb aytgan andijonlik faol Saidjahon Zaynobiddinov.

Havo harorati qizib borayotgan shu kunlarda oziq-ovqat mashulotlarining tez buzilishi kuzatiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Bu mavzuda batafsilroq