Prezident Mirziyoyev yana Turkmanistonga otlanmoqda

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Turkmenistan Gov.
Image caption Birinchi tashrif chogʻida Berdimuhamedov Mirziyoyevga zotdor Ahaltkin otini sovgʻa qilgan

Oʻzbek tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-20 may kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda boʻlishini eʼlon qildi.

Bu Mirziyoyevning oxirgi ikki oydan koʻproq vaqt mobaynida Turkmanistonga ikkinchi safari boʻladi.

Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin ilk xorijiy tashrifi joriy yilning 6-7 mart kunlari Turkmanistonga boʻlgandi.

Mintaqaviy hamkorlikni oʻz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi deb eʼlon qilgan Mirziyoyev bundan avval Qozogʻistonning Chimkent viloyatiga ham amaliy tashrif bilan borgan va u yerda Prezident Nazarboyev bilan muzokaralar oʻtkazgan.

Qozogʻiston va Turkmaniston Oʻzbekistonning mintaqadagi ikki yirik iqtisodiy va savdo sheriklari hisoblanadi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston oʻz mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishda bu ikki davlatning tranzit yoʻllariga muhtoj.

Ayni paytda Mirziyoyev Oʻzbekistonning nisbatan kichik va tabiiy boyliklari uncha koʻp boʻlmagan qoʻshnilari Tojikiston va Qirgʻizistonga hali tashrif buyurgani yoʻq.

U hokimiyatga kelganidan buyon oʻtmishda munosabatlar muammoli boʻlib kelgan Bishkek va Dushanbe bilan aloqalarni yaxshilash sari qadamlarni qoʻygan.

Biroq Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimida joylashgan bu ikki davlatning gidroinshootlar qurish loyihasi yuzasidan Toshkentning mavqeyi oʻzgarmagan.

Mirziyoyev Qozogʻistonga ilk tashrifi chogʻida Prezident Nazarboyev bilan birga bu inshootlar qurilishida quyi oqimdagi davlatlar manfaatlari inobatga olinishi kerakligini taʼkidlagandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02