Suv ombori Karimov emas, Mirziyoyevning tashabbusi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright UzTV
Image caption Mirziyoyev suv omborini katerda aylangan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga safari chogʻida Janubiy Mirzachoʻl kanalining markaziy tarmogʻi oʻtgan hududdagi Sardoba suv omborini borib koʻrgan.

Ayni safar munosabati bilan davlat matbuoti bundan 7 yil oldin boshlangan suv ombori qurilishi tashabbusi oʻsha vaqtda Bosh vazir lavozimini egallab turgan Shavkat Mirziyoyevga tegishli ekanini yozmoqda.

Bunga qadar mamlakatdagi barcha katta-kichik inshootlar qurilishi marhum prezident Islom Karimov nomi bilan bogʻlanardi.

Davlat matbuoti Mirziyoye muallifi boʻlgan loyihaning boshqa tafsilotlarini ochiqlamagan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, gidroinshootda 922 million kub metr suv toʻplanadi.

"Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi".

Mirziyoyev suv omborga vertolyotda borgan va mahalliy mulozimlar hamrohligida uni katerda aylangan.

Mulozimlardan biri Mirziyoyevni "choʻl oʻrtasida dengiz barpo etgani" uchun olqishlagan.

Prezidentning aytishicha, u Xitoyga safari chogʻida ayni suv ombori yonida quvvati 15 megavatt boʻlgan mini gidroelektrostantsiya qurilishi borasida xitoylik sarmoyadorlarning dastagini qoʻlga kiritgan.

Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

Eski va yangi Mirziyoyev

59 yoshli Shavkat Mirziyoyev 13 yillik Bosh vazirlik vaqtida davlat matbuotining nazaridan chetda turgan.

Mahalliy jurnalistlar sobiq Bosh vazirni televizor ekranlarida koʻrsatmaslik haqida maxfiy buyruq boʻlganini aytishadi.

Oʻzbekistonliklar ilk bor uning nutqini oʻtgan yil 8 sentyabrida, Senatning yalpi majlisida Prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi ortidan eshitganlar.

Image copyright Official
Image caption Mirziyoyev Karimov davrida telekameralar qarshisiga chiqmagan

Oʻtgan vaqt mobaynida Mirziyoyev Oʻzbekiston telekanallari va internet oʻzbek segmentining asosiy qahramoniga aylangan.

Tahlilchilar bunga Mirziyoyevning Karimov davridagi qator cheklovlarni olib tashlagani va tanqidiy chiqishlari sababligini aytishadi.

Ayni paytda uni populizmda ayblayotganlar ham yoʻq emas.

Tanqidchilarga koʻra, Mirziyoyev rahbar sifatida oʻz mavqeʼini oʻrnatish uchun "hammaning koʻnglini olish"ga harakat qilayotgani kuzatiladi.

Ular Mirziyoyev eʼlon qilgan ayrim islohotlar, xususan, pul-valyuta islohoti va matbuot erkinligini joriy siyosiy tartib doirasida tadbiq etish mumkinligini savol ostiga oladilar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02