Videodastur - "Besh barmoq barobar emas...", oqibati-chi?

Afgʻon politsiya kuchlari Image copyright EPA

"70 foizdan ortiqrogʻi savodsiz, ayrimlari zoʻravonlik, jinoiy amallarga ham qoʻl uradi, bangivor moddalar isteʼmol qiladi, pora ham oladi, bachabozlik hollarini ham yoʻq, deb boʻlmaydi...".

Bular tashkil topgan oʻtgan 15 yil ichida qoʻshni Afgʻoniston Milliy Politsiya kuchlari toʻqnash kelib turgan asosiy muammolar sifatida tilga olinadi.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Tolibon tuzumi qulatilishidan yil oʻtib, xalqaro hamjamiyatning tashabbusi va homiyligi ostida tashkil qilingan afgʻon milliy politsiya kuchlarining soni bugun 150.000 dan ortishi aytiladi.

Ularni lozim tayyorgarlikdan oʻtkazish va moliyalash ishlariga ham hali-hanuz xalqaro hamjamiyatning oʻzi bosh-qosh boʻlib keladi.

Oddiy afgʻonistonliklarning oʻz milliy politsiya kuchlari faoliyatidan qanchalik hafsalalari pir boʻlib borayotgani esa, soʻnggi paytlarda qator nufuzli Gʻarb nashrlarining ham eʼtiborini oʻziga tortmay qolmagan.

Agar, ulardagi chiqishlarga tayanilsa, bu kabi holatning oqibatlari Afgʻoniston uchun xatarli boʻladi, odamlarning jangarilar safiga qoʻshilishi va alal-oqibat mamlakatda isyonchilikning yanada olovlanishiga olib keladi.

"Xalqaro hamjamiyat bunga yoʻl qoʻymaslik uchun Afgʻoniston Milliy Politsiya kuchlari saflarini jiddiy va jadallik bilan isloh etmogʻi kerak".

Biz mavjud vaziyatga yaqindan nazar tashlash uchun xuddi shu mavzuni bu haftalik "Soʻz Sizga" dasturimizda muhokama ostiga oldik va bu xususda imkon qadar barcha tomonlarning fikrlariga quloq tutishga harakat qildik. Nazardan qochirmang va ulashing, rahmat.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02