Tayms-skverda avtomobil olomonga urildi

Nyu-York Image copyright Reuters
Image caption Nyu-York politsiyasiga koʻra, avtomobil haydovchisi ushlangan

Nyu-York markazidagi Tayms-Skverda avtomobilning katta tezlikda odamlar bilan gavjum yoʻlakka urilishi natijasida bir ayol halok boʻlgan, 22 kishi jarohatlangan.

Bu haqda Nyu-York meri Bill de Blazio matbuot anjumanida maʼlum qilgan.

Avvalroq politsiya haydovchining ushlanganini aytgandi.

Nyu-York merining soʻzlariga koʻra, qoʻlga olingan haydovchi 26 yoshli AQSh harbiy dengiz kuchlarining sobiq askaridir.

U hozirda hibsda saqlanmoqda.

"Bu terrorchilik hodisasi boʻlganiga doir hech qanday alomat yoʻq", - deb aytgan Nyu-York shahar meri.

Avvalroq Yongʻindan saqlash xizmati 13 kishining shifoxonaga yotqizilganini aytgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yaralanganlarni zambilda olib ketilayotgani aks etgan suratlar chop etilgan.

Nyu-York shahar yongʻindan saqlash xizmati bir insonning halok boʻlganini tasdiqlagan.

Politsiya Nyu-Yorkning sayyohlar orasida mashhur hiyobonlaridan boʻlgan Tayms-skver atrofidagi hududni yopib qoʻygan.

Politsiyadagi manbaʼlarning aytishicha, haydovchi avtomobil vositasini boshqarolmay qolgan boʻlishi mumkin.

Si-bi-es (CBS) telekompaniyasi esa politsiyadagi manbaʼlarga tayanib, hodisa terrorchilik bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan.

Telekompnaiya maʼlumotlariga koʻra, odamlarga "Xonda" sedan borib urilgan.

CBS manbaʼlariga koʻra, haydovchi mast yoki narkotik moddalar taʼsiri ostida boʻlgan boʻlishi mumkin.

Reuters agentligining manbaʼlariga koʻra, mahalliy politsiya boshlagan tergovga Federal qidiruv byurosi ham jalb etilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02