Mirziyoyev va Tramp bir sammitda qatnashadilar

Arab-Islomiy-Amerika sammiti ishtirokchilari bayroqlari Image copyright riyadhsummit2017.org

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp davlat rahbarlari sifatida ilk bor Saudiya Arabistoniga boradilar.

Saudiya Arabistoni poytaxtida 20-21 may kunlari "Arab-Islomiy-Amerika sammiti"ni oʻtkazish rejalashtirilgan.

Saudiya rasmiylari Ar-Riyoddagi anjumanni tarixiy anjuman deb taʼriflamoqdalar.

Xabar qilinishicha, ikki kun davomida uchta oliymaqom sammit boʻlib oʻtadi.

Saudiya Arabistoni sammitning shiorini "Birgalikda biz ustun kelamiz" deb tanlagan.

"Arab-Islomiy-Amerika sammiti"dan koʻzlangan maqsad, global xavfsizlik borasidagi ahdlashuvlarni yangilash hamda mavjud biznes, madaniy va siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash ekani xabar qilinmoqda.

"Arab-Islomiy-Amerika sammit"ida 55 mamlakat rahbari ishtirok etishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston matbuoti Prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 may kuni Ar-Riyodga safar qilishi haqida xabar tarqatdi.

Prezident Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni podshohligi rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi ham rejalashtirilgan.

Prezident Donald Tramp ham qasamyod qabul qilganidan buyon ilk xorijiy safarga otlangan, u Isroil, Vatikan va Saudiya Arabistonidagi tadbirlarda ishtirok etadi.

Gʻarb matbuoti Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning Ar-Riyoddagi sammitga Sudan Prezidenti Umar al-Bashirni ham taklif etganiga urgʻu qaratmoqda.

Xalqaro Urush mahkamasi Umar al-Bashirni genotsid, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topgan va uni hibsga olishga buyruq bergan.

Sudan Prezidenti Umar al-Bashir oʻziga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etadi va 2009-2010 yillardan buyon uni tutib hibs qilishni istaganlarga tutqich bermay keladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02