Oʻzbekiston yana oʻzini koʻrsatdi, ammo...

Anastasiya Serdyukova Image copyright federatsiya gimnastiki zzbekistana

Bu gal boks, dzyudo yoki kurash emas, gimnastikada ham.

Oʻzining ilk ishtiroki ekaniga qaramay, Oʻzbekiston badiiy va sport gimnastikasi boʻyicha bu yilgi Islom birdamlik oʻyinlarining ikkita oltini doxil yettita medalini qoʻlga kiritdi.

Badiiy gimnastika boʻyicha umumjamoa hisobida mezbon Ozarbayjondan keyin ikkinchi oʻrinni egallab, yuqori uchlikka kirdi.

Oʻzbekistonlik afsonaviy sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina esa, bu gal 41 yoshida Islom birdamlik oʻyinlarining oltin medalini qoʻlga kiritib, kattagina shov-shuvlarga sabab boʻldi.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Gimnastika Oʻzbekiston terma jamoasi IV Islom birdamlik oʻyinlarida ogʻir atletika va dzyudo qatorida eng koʻp medalь qozongan uchta sport turidan bittasiga aylandi.

"Soʻzsiz, bu kabi yutuqdan boshimiz koʻklarga yetdi. Bu - biz birinchi bor ishtirok etgan Islom birdamlik oʻyinlari edi. Shu bois ham, oʻz-oʻzidan, oʻyinlarda qayd etgan bu kabi natijamizdan koʻnglimiz toʻldi", - deydi BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida terma jamoa murabbiysi Sevara Karimova.

Boshqa tomondan, gimnastika bu yil ilk bor Islom birdamlik oʻyinlarining dasturiga kiritilgani ham ular erishgan yutuqning ahamiyatini yanada urgʻulagan.

Oʻyinlarning sovrinli oʻrinlari uchun Oʻzbekistondan tashqari yana Ozarbayjon, Indoneziya, Qirgʻiziston, Livan, Suriya va turkiyalik gimnastikachilar ham kurash olib borishgan.

Gimnastika bu yil Bokudagi bellashuvlarni boshlab bergan sport turlaridan biri ham boʻlgandi.

"Biz oldimizga aniq maqsad qoʻygan holda bu musobaqaga tayyorlandik. Raqiblarimizni ham oldindan yaxshi bilardik. Albatta, yuksak natijalarga umid qilgan va shunga yarasha hozirlik koʻrgandik. Va ana shu umidimiz oʻzini oqladi", - deydi Sevara Karimova.

U kishi oʻyinlarning oltin va kumush medallari sohibasiga aylangan nomdor gimnastikachi Anastasiya Serdyukovaning shaxsiy murabbiysi ham boʻladi.

"Bu - badiiy gimnastika boʻyicha bir oydan keyin boʻlib oʻtajak Osiyo chempionati uchun ham yaxshi bir sinov boʻldi. Biz u yerda ham xuddi shu tarkibda ishtirok etishni koʻzlab turibmiz. Tarkib, balkim, biroz oʻzgarar, toʻrtinchi aʼzomiz ham qoʻshilar. Ammo hali aniq bir narsa deya olmayman. Lekin oʻyinlar, baribir, qitʼa birinchiligi oldidan biz uchun yaxshi nazorat mashgʻuloti boʻldi".

Murabbiy suhbatdoshimizning aytishicha, bu kabi yutuqqa erishishlarida eng avvalo oʻzlariga yaratib berilgan shart-sharoitlar katta ahamiyat kasb etgan.

"Biz Toshkentda balki faqat Ozarbayjon va Rossiya bellashishi mumkin boʻlgan ajoyib zallarga egamiz... Olgan medallarimiz, bir maʼnoda, xuddi shuning inʼikosi, desak ham boʻladi", - deydi u kishi.

Suhbatdoshimizga koʻra, 14 may kuni musobaqalarini yakunlab, poytaxt Toshkentga qaytishgan va allaqachon yana sanoqli kunlardan keyin Ispaniyada start olajak badiiy gimnastika boʻyicha jahon kubogining navbatdagi bosqich musobaqalariga tayyorgarliklarni boshlab yuborishgan.

Toshkent va Oʻzbekiston

Badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi Osiyo Oʻyinlarining gʻolibi, amaldagi Osiyo chempioni sanalishadi.

Agar, oʻzining oʻtgan yilgi xabariga tayanilsa, Oksana Chusovitina Ginnes rekordlari kitobiga kirolgan birinchi oʻzbekistonlik sport gimnastikachisi boʻladi.

Hali dunyoda biror bir sport gimnastikachisi xalqaro bellashuvlarda bu qadar uzoq ishtirok etmagan va bu yoshda jahon miqyosidagi musobaqalarda gʻoliblik uchun kurash olib bormagan.

Hozir 41 yoshda boʻlgan Oksana Chusovitina jahon sport gimnastikasi tarixida bu kabi natija qayd etolgan yagona ayol sportchi boʻladi.

Oʻtgan yilda Braziliyaning Riosida boʻlib oʻtgani oʻzbekistonlik bu nomdor gimnastikachi oʻz karьerasi davomida ketma-ket yettinchi bor ishtirok etgan Yozgi Olimpiada Oʻyinlari boʻlgandi.

Bu yilgi Islom birdamlik oʻyinlarida Islom Birdamlik Sport Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi barcha 57 davlatdan boʻlgan uch mingdan ortiq sportchi medallar uchun kurash olib borishmoqda.

Oʻyinlar 12 may kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda katta tantanalar bilan ochilgan va 22 may kuni oʻzining poyoniga yetadi.

IV Islom birdamlik oʻyinlarining sakkizinchi kuniga kelib, Oʻzbekiston hisobidagi jaʼmi medallarning soni 54 taga yetgan.

Terma jamoa oʻzining bu natijasi bilan medallar jadvalida Turkiya, Ozarbayjon va Erondan keyin yuqori toʻrtlikdan joy olgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02