Qoʻshimcha qoʻshin Oʻzbekiston uchun nimani anglatadi?

Oqsaroy Image copyright courtesy

Amerika Afgʻonistondagi harbiylari sonini bir necha mingtaga oshirish masalasini koʻrib chiqarkan, rasmiy Kobul allaqachon bunga rozi ekanini bayon qilgan.

Bu haqda Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniy Amerikaning "Time" haftalik jurnaliga bergan suhbatida bildirgan.

Afgʻon rahbariga koʻra, mamlakatiga 3 mingdan 5 mingtagacha qoʻshimcha Amerika harbiysining safarbar etilishiga hech bir qarshiligi yoʻq.

Muhammad Ashraf Gʻaniyning aytishicha, mamlakati xavfsizlik kuchlarining bir boʻlinma miqyosida beriluvchi maslahat va qoʻshimcha dastakka ehtiyoji bor.

Prezident Gʻaniyga koʻra, Afgʻonistonda barqarorlikni qaror toptirish mumkin va buning uchun shuncha sondagi qoʻshimcha xorijiy askar yetadi.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan kechgan bor-yoʻgʻi bir necha yilning oʻzida butun Afgʻoniston boʻylab vaziyat jiddiy izdan chiqib boʻlgan.

Ammo, siyosiy tahlilchilarga koʻra, Amerika yangi rejasi ijrosiga kirishadigan boʻlsa, bundan eng avvalo siyosiy va geosiyosiy xulosa chiqarish toʻgʻri boʻladi.

Buning harbiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan Afgʻonistondagi mavjud vaziyatni jiddiy oʻzgartirishini kutish esa, ular nazdlarida, nooʻrin boʻladi.

"Parvarish"

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, "bu - Amerika Qoʻshma Shtatlari Afgʻonistondan chiqib ketish siyosatini emas, aksincha, oʻzining ishtirokini parvarishlash siyosatiga yuz burmoqda, degan maʼnoni beradi".

"Yaʼni bu - siyosiy, geosiyosiy burilishni anglatadi".

"Afgʻonistonda hosil boʻlayotgan vakuum - boʻshliqni qaytadan aynan Amerikaning oʻzi toʻldirishini bildiradi".

Bu kabi xabarlar esa, Amerikaning Rossiya Afgʻonistonda "faollashish", Tolibon bilan "yaqinlashish" va ularga "qurol-yarogʻ yetkazib berish" harakatida ekaniga oid ustma-ust iddaolari manzarasida kuzatilmoqda.

Ayni mazmundagi daʼvolarni izchil ravishda rad etib kelayotgan Moskva esa, faqat "IShIDga qarshi kurash va AQShga nisbatan qarashlarida Tolibon bilan yakdil ekanliklari"ni bayon qilib keladi.

Ammo mintaqa va Afgʻonistondagi oʻz manfaat hamda maqsadlarini koʻzda tutib, bu ikkovlon Amerikaning afgʻon tuprogʻidagi hozirligi yakun topishini istashadi.

Soʻnggi yangilikni esa, rasmiy Kobul tomonidan "Rossiya Federatsiyasi, Kremlь va Putinga "bu yerdagi boʻshliqni sizlar hisobingizdan toʻldirish niyatida emasmiz va biz qaytadan Amerika bilan munosabatlarimizni tiklaymiz, degan mazmunda berilgan bir signal deyishimiz mumkin", - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"Shu nuqtai nazardan, rasmiy Moskvada, Kremlda bezovtalik, xavotir kuchayadi... Demak, toliblar bilan hamkorligini, menimcha, albatta parvarishlaydi. Toliblar orqali Gʻarbga bosim qilish, Amerikani Afgʻonistondan siqib chiqarish strategiyasidan voz kechmaydi. Yaʼni, bu strategiya kuchaysa kuchayadiki, undan voz kechilmaydi".

Suhbatdoshimiz nazdida, bularning barchasi "Markaziy Osiyo taqdiri uchun xavotir nuqtasi boʻlib qolaveradi, ammo tahdid nuqtasi emas".

"Oʻylaymanki, vaziyat izdan chiqib ketmaydi, albatta", - deydi tahlilchi suhbatimiz yakunida.

"Oʻzbekiston oʻzining hamkorligini koʻproq Gʻarb, NATO va rasmiy Kobul tomonida saqlab qolaveradi".

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Amerika

Tahlilchilarga koʻra, Amerika Qoʻshma Shtatlari mulozimlarining soʻnggi paytlarda Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonga qilayotgan ketma-ket tashriflarining asosiy maqsadi ham Afgʻoniston borasida harbiy, siyosiy, geosiyosiy muloqot va yakdillikka erishishdir.

Rasmiy Toshkent esa, shu paytgacha Afgʻoniston masalasida oʻz aqllari bilan siyosat yuritishlari va oʻzlariga manfaat keltiruvchi ishlarni qilishlari, betaraf siyosatlariga sodiq qolishlari va doimo ikki tomonlama munosabatda boʻlishlarini taʼkidlab kelgan.

Ammo yaqinda Oʻzbekiston doxil barcha Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ilk bor Rossiya boshchiligi ostidagi afgʻon mojarosiga tinch yoʻl bilan yechim topishga qaratilga muzokaralarning uchinchi bosqichida ham ishtirok etishgan.

Ommaviy safarbarlik ortidan, joriy paytda Afgʻonistonda qolgan 10 mingdan ortiq xorijiy askarlarning aksariyatini esa, Amerika harbiylari tashkil etishadi.

Bundan tashqari, Amerika Qoʻshma Shtatlari hozir Afgʻonistonda oʻnga yaqin harbiy bazaga ham egalik qiladi.

2001 yilda Afgʻonistonda Tolibon tuzumini qulatishga muvaffaq boʻlishganiga qaramay, AQSh va Gʻarb boshchiligidagi ittifoq kuchlari hozirga qadar afgʻon mojarosiga na-da harbiy va na-da diplomatik yoʻlda yakuniy yechim topishning uddasidan chiqishgan.

Rossiyaning Afgʻonistonda "faollashish" harakatida ekaniga oid iddaolar va afgʻon tuprogʻidagi harbiylari sonini keskin oshirishga oid yuqori martabali AQSh harbiylarining soʻnggi paytlarda ustma-ust yangrayotgan daʼvatlariga Oʻzbekiston doxil biror bir Markaziy Osiyo davlati halicha rasman oʻz munosabatini bildirganicha yoʻq.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02