Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish qonuni maʼqullandi

Rossiya pasporti Image copyright Xolyavchuk Svetlana/TASS

Rossiya Davlat Dumasi aʼzolari terrorizm va ekstremizmda aybdor deb topilgan insonlarni Rossiya fuqaroligidan mahrum etishga izn beradigan qonun loyihalarini birinchi oʻqishda qabul qilganlar. Sankt-Peterburg metrosidagi portlashdan keyin Rossiya fuqaroligini olgan chet mamlakat fuqarolarini fuqarolikdan mahrum etish taklifi ilgari surilgan edi.

Rossiya parlamentining deputatlari ushbu loyihalarni bir ovozda maʼqullaganlar.

Qonunlarga oʻzgartirishlarni aprel oyi oxirida Duma spikeri Vyacheslav Volodin, vitse-spikerlar va barcha fraktsiyalar rahbarlari tomonidan ilgari surilgan edi.

Xabar qilinishicha, Rossiya fuqaroligini olgan inson oʻz zimmasiga olgan Rossiya konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish majburiyatini buzgani uchun uni fuqarolikdan mahrum qilish qarori qabul qilinadi,

Qonunlar loyihasi muhokamasidan oldin, ayrim odamlar Rossiya hududida qonunga zid amallarga qoʻl urish yoki boshqa bir mamlakatda sodir etgan jinoyati uchun taʼqibdan qutulib qolish maqsadida Rossiya fuqaroligini olish hollari kuzatilmoqda, deb aytilgan.

Hozirgi paytda agar Rossiya fuqaroligini olish maqsadida yolgʻon maʼlumot yoki soxta hujjat taqdim etgani sudda aniqlangan holatdagina fuqarolikdan mahrum etish Rossiya qonunchiligida belgilab qoʻyilgan.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashdan keyin Prezident Vladimir Putin ekstremizmga qoʻl urganlar Rossiya fuqaroligidan mahrum etilishi mumkinligi haqida aytib chiqdi.

"Rossiya Konstitutsiyasiga muvofiq biz hech kimni fuqarolikdan mahrum qilolmaymiz. Biroq biz Rossiya fuqaroligini qoʻlga kiritishga asos boʻlgan tegishli qarorlarni oʻzgartirishimiz mumkin. Biz yuristlarimiz bilan konsulьtatsiyalar olib boramiz va oʻylaymanki, bunday qarorlar tez orada qabul qilinadi", deb aytgan Prezident Putin.

Rossiya rasmiylariga koʻra, Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni Akbarjon Jalilov sodir etgan.

Akbarjon Jalilov Qirgʻiziston janubida tugʻilgan oʻzbek boʻlgan.

Akbarjon Jalilovning Rossiya fuqaroligini 2011 yilda olgani, bunga uning otasining Sankt-Peterburgda uzoq yillar yashagani asos boʻlgani xabar qilingan.

Aksar tahlilchilarda Akbarjon Jalilov haqiqatdan ham Sankt-Peterburgdagi terrorchilik xurujining tashkilotchisimi, degan savollar ham yuzaga chiqqan, bu savollarga tergov yakunida javob topish mumkin, ammo ayrim kuzatuvchilar bu savollarga oydinlik kiritilishiga shubha ham qiladilar.

Akbarjon Jalilovga Rossiya fuqaroligi taqdim etilishi xato boʻlgani haqidagi fikrlar bildirildi.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlash 3 aprel kuni tushki soat 14:30 larda roʻy bergan.

Metroning "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut-2" bekatlari oʻrtasida borayotgan vagon portlagan.

Rossiya tergovchilariga koʻra, xudkush hujumchi oʻzining yonidagi portlovchi moddani portlatgan va bu xudkush hujumchi Akbarjon Jalilov boʻlgan.

Oqibatda 14 inson halok boʻlgan.

Bundan tashqari metroning "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida qoʻlbola bomba ham topilgan.

Tergovchilarning taxminicha, portlashni tashkil qilishda gumon qilinayotgan Akbarjon Jalilov avval bombani "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida qoldirgan, soʻng vagon ichida oʻzini portlatgan.

Rossiya tergovchilari ushbu tergov doirasida sakkiz kishi hibsga olingani, ular bir terrorchilik guruhining aʼzolari deb gumon qilinayotgani haqida xabar tarqatganlar.

Qamoqqa olinganlarning olti nafari Sankt-Peterburgda, ikkitasi Moskva shahrida boʻlganlari, ularning hammasi Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari ekani aytilgan.

17 apreldagi mahkama Akbarjon Jalilovni Rossiya fuqaroligidan mahrum etish haqida qaror chiqargan.

11 may kuni portlashga aloqadorlik gumoni bilan qoʻlga olingan uch nafar oʻzbek rasman "terror"da ayblangan.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashga masʼuliyatni 'Imom Shomil batalьoni' oʻz zimmasiga olib chiqqani xabar qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02