Usmonov Navalniyga qarshi: dahanaki jang

Alisher Usmonov va Aleksey Navalniy

Tadbirkor Alisher Usmonov muxolifatchi Aleksandr Navalniy mahkamasi boshlanishidan oldin unga qarshi video murojaat bilan chiqdi. Unda oʻzbek milliarderi oʻziga nisbatan Navalniy tomonidan qoʻyilgan va mahkamaga asos boʻlgan ayblarni rad etgan.

12 daqiqalik video murojaatning boshida Usmonov uni Navalniy haq, deb oʻylayotgan odamlar uchun yozayotganini aytgan. Milliarder odamlarning fikri unga muhim ekanligini aytgan. Navalniy videoni oʻz saytiga qoʻydi va keyinroq unga batafsil javob berishini maʼlum qildi.

Videoda Usmonov muxolifatchiga "sen" deb murojaat qiladi va Navalьniy tomonidan unga nisbatan oldinga surilgan asosiy ayblovlarga izoh bergan. Videodagi asosiy fikrlarni u "Vedomosti" gazetasiga aprel oyida bergan intervьsida aytgan edi.

Navalniy:

"Kaktus" nomli koʻrsatuvida Navalniy Usmonov haqida gapira turib, uni "jinoyatchi deganlari uchun, xavotirlanayapti", dedi. Siyosatchining taʼkidlashicha, tadbirkor goʻyoki "Oʻzbekistonda yo jinsiy zoʻravonlik yo firibgarlik boʻyicha 6 yil oʻtirib chiqqan. U hozir ham jinoyatchi va jinoyatchi boʻlgan".

Usmonov:

"Sen meni jinoyatchi va uni yashirishga harakat qilayapti, deb yolgʻon gapiryapsan. Yashiradigan narsam yoʻq. Sendan farqli ravishda men 6 yil qamoqda oʻtirganman. U men oʻgʻirlamagan sotsialistik mulk va men hech kimga bermagan pora haqida qalbakalashtirilgan ish edi. Meni jinsiy zoʻravonlik uchun oʻtirgan deding - yaʼni moddalarni va soʻzlarni manipulyatsiya qilish orqali inson va nokaslar oʻrtasidagi chegarani oʻchirib tashlashni istading".

"Agar sen haqiqiy yurist boʻlganingda, jinoyat alomatlari yoʻqligi sabab, oʻz arizasiga koʻra emas, balki mamlakat Oliy sudi qarori bilan toʻliq oqlangan odam jinoyatchi emasligini bilgan boʻlarding. Ikkimiz oramizdagi jinoyatchi - bu sensan, chunki sen sud idoralarining hukmi bilan shartli ravishda jazo oʻtamoqdasan".

Xususiylashtirish boʻlganmidi?

Navalniy:

"Usmonov bizga Uber ga qancha sarmoya kiritgani haqid istaganicha gapirsin. Sarmoya kiritgan boʻlsa, kiritibdi? Sarmoya manbasi va umuman uning 90 foiz boyligi qayerdan kelgan? Mana u: toʻliq ishlab turgan sovet togʻ-metallurgiya kombinatlari. Kondan temir rudasi qazib oladi va tamom. Qazishni 1960 yildan boshlashgan, shunchaki u yerda keyinroq Usmonov paydo boʻlgan", - deb yozgan Navalniy.

Navalniyning taʼkidlashicha, Usmonov ushbu kombinatlarni goʻyoki "shunchaki xususiylashtirgan yoki oʻgʻirlagan yo umuman boshqa yoʻl bilan shaxsiy qilib olgan, biroq u mutloqo hech narsa yaratmagan".

Usmonov:

"Sen boyligimning manbasi - xususiylashtirilgan yirik bitimlar, deb yolgʻon toʻqiyapsan. Boʻhton. Meni sovet togʻ-metallurgiya kombinatlarini oʻgʻrilab, tortib olgan deyapsan. Eslashimcha, garov auktsionlari 1995 yili yakunlangan. Men ularning birortasida, undan keyingi xususiylashtirish kelishuvlarida ham ishtirok etmaganman".

"Bizning ilk bitimimiz 2004 yilda boʻlgandi va u rekord edi. "Mixaylov" davlat korxonasiga 1,5 milliard dollar toʻlagandik. Shuning yarim milliardini hissadorlarning oʻzi topgandi, milliard dollarni bank kredit sifatida bergan edi. Ushbu kreditni oʻz vaqtida toʻlaganmiz. Ushbu aktivlarni kimdandir sovgʻa sifatida tekinga olgan, deb yolgʻon gapiryapsan".

"Bu narsani tekinga oldi, deb faqat aldayapsan. Davlat auktsionida bir marta 2008 yili qatnashganmiz. Oʻshanda Udokan konini oʻzlashtiritish huquqiy rekord summa, yarim milliard dollar toʻlaganmiz. Bu neft-gaz sohasidan tashqari davlat bilan eng yirik bitim boʻlgan edi".

Qancha ishchi oʻrinlari?

Navalniy:

"U birorta ham ish oʻrni yaratmadi. Alisher Usmonovdagi hamma boylik, biznes-imperiyasining asosi - sovet togʻ-metallurgiya kombinatlari va ular 70-80 yillarda yaratilgandi", - deb taʼkidlagan Navalniy.

Usmonov:

"Meni birorta ham ish oʻrni yaratmadi, deb navbatdagi marta boʻhton qilayapsan. Sen shunchaki oʻqimagansan. Korxonada mening 10 yillik rahbarligim ostida 40 ming ishchi oʻrni yaratildi. Korxonaning texnologiyasi, infratuzilmasi uchun 80 milliard rubl sarmoya kiritilgan. Uni oʻrtacha kurs bilan koʻpaytirsang, qanchaligini bilib olasan. Bu raqamlarni aytish, shunchaki noqulay. Ushbu zamonaviylashtirishlar sovet hukumati evaziga boʻldimi? Balki davlat rejasi asosidadir? Balki Leonid Ilьich (Borejnev) menga partiya oltinlarini qoldirib ketgandir?"

Usmonov qayerda soliq toʻlaydi?

Navalniy:

"Rossiyaning eng boy odamlaridan Alisher Usmonov, oʻzining 13 millard dollarlik boyligi bilan Rossiya soliqchisi boʻlishdan bosh tortgan. Bu shuni anglatadiki, u rasmiy ravishda Rossiya hukumatini yilning asosiy qismini Britaniya va Shqeytsariyada oʻtkazishi tufayli, Rossiyada boshqa soliq toʻlamasligi borasida ogohlantirgan", - degan Navalniy 2016 yilda chiqargan videosida.

Usmonov:

"Rossiyada soliq toʻlamaydi, deb aldayapsan. Sen oʻzing qayerda soliq toʻlaysan? Umuman soliq toʻlaysanmi? Men faqat Rossiyada soliq toʻlayman. Sen aldayotgan, boshini qotirayotgan, tuhmat qilayotgan odamlar shuni bilsinlarki, bu yil men 2,7 milliard rubl soliqni deklaratsiya qildim, agar valyuta kursiga oʻgirilsa, 10 yilda esa deyarli yarim milliard dollarlik soliq toʻladim".

Pullar qayerdan kelgan?

Navalniy:

"Natijada hech kimga keraksiz oligarx bilan qolmoqdamiz. Uning pullari tadbirkorlik isteʼdodi tufayli emas, balki ishchilari nochor mehnat sharoitlarida ishlaydigan sovetlarning yirik togʻ-metallurgiya korxonalaridan olgan. Dunyodagi eng qimmat qayiqlardan biri sovet togʻ-metallurgiya korxonasidan olingan xom-ayoshyoni sotish evaziga yasalgan", - deb yozgan Navalniy oʻz saytida.

Usmonov:

"Seni qattiq qiynayotgan boshqa mablagʻlar toʻgʻrisida ham u-bu narsa deyishga toʻgʻri keladi. Chunki biznesini mayda bitimlarni pora evaziga tuzish bilan boshlagan va eplolmagan noshudning dahshatli baxilligini sezmoqdaman. Men xorijda - London, Nyu-Yorkdagi birjalarda juda ham koʻp bitim tuzganman. Ulardan yaxshigina soliq toʻlaganman. Ulardan ishlab topgan foydam, 4,5 milliard dollarni tashkil qilgan".

"Ushbu pullardan, soliqdan tashqari, milliardini xayriya ishlariga va odamlarga yordam sifatida berganman - bu ham porami? Qolgan pullar senga qiziq boʻlsa - baxillik qilmasliging uchun aytmoqchiman - bor molimni sotib olganman. Ularning ichiga chiroyli qayiq va uchoq ham kiradi. Chunki men, Lyosha, sendan farqli ravishda, baxli hayot kechiraman".

Porami yo toʻlov?

Navalniy:

"Usmonov Bosh vazir Dmitriy Medvedov odamlari nazorat qiluvchi "Sotsproyekt" jamgʻarmasiga Rublevkadagi 5 milliard rubllik qasr sovgʻa qilgan", - deb aytgan Navalniy "Kaktus"ning navbatdagi sonida. Oʻshanda u bu narsani pora sifatida baholashlarini aytgan edi.

Usmonov:

"Meni pora beradi, deb yana yolgʻon gapiryapsan. Bir narsani tushun, porani roʻyxatga olishmaydi. Oʻz hisob raqamidan ochiqchasiga pul oʻtkazmaydi. Sen koʻchmas mulk, yer mulki va boshqa narsalar toʻgʻrisida kitoblarni oʻqib chiqishing kerak. Chunki ularda odamlar nafaqat bitim tuzgani uchun, balki tuzmagani uchun ham pul toʻlashlari haqida yoziladi".

"Er va uy bilan bogʻliq hikoya - bu uch tomon ishtirok etgan koʻp yillik, koʻp bosqichlik narsa. Men unga oramizda bitim boʻlishi uchun emas, balki boʻlmasligi uchun pul toʻlaganman. Har bittasiga toʻlashga toʻgʻri kelgan. Bittasiga foydadan voz kechishi uchun va yerida istagan narsasini qurishi uchun aktivlar bilan, boshqasiga esa yerdan voz kechishi uchun pul va zayomlar bilan toʻlaganman".

Konchi yoki shaxtyorlar?

Navalniy:

Navalniyning taʼkidlashicha, "Usmonov ishchilarga toʻla oylik bermagan, soliqni toʻla toʻlamagan va shuning evaziga boyib ketmoqda, buning evaziga u 400 millionlik yevroga qayiq sotib olgan. Mana boyligining asosi, u hech qanday ishchi oʻrni yaratmagan, iqtisod uchun ham hech qanday ijobiy samara keltirmagan", - degan siyosatchi.

Usmonov:

"Sen hech boʻlmasa, chuqurroq oʻrgansang edi. Masalan, Lyosha, sen bizda shaxtyorlar deysan. Yana bunaqa emas, bizda shaxtyorlar yoʻq. Hech boʻlmasa shuni oʻrgansang edi. Bizda rudani ochiq holatda qazib olishadi. Bizda konchilar, deyiladi. Ularning maoshi esa mintaqa bilan solishtirganda boshqalarnikiga qaraganda yarim barobar koʻproq olishadi. Rossiyadagi boshqa mintaqalarga qaraganda bundan ham koʻproq olishadi".

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq