Xitoyda Amerika josuslar tarmog‘i yo‘q qilingan

Эмблема Image copyright AP

New York Timesning yozishicha, so'nggi ikki yil ichida Xitoyda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)ning 20 ga yaqin ayg'oqchisi o'ldirilgan yoki qamoqqa tashlangan. Tozalashlar Xitoyda josuslik amaliyotlarini olib borishga katta zarba bergan. Josuslardan biri hamkasblarining ko'z o'ngida otib tashlangan.Bu haqda nashrga maxsus xizmatlarning sobiq xodimlari ma'lumot bergan. Jurnalistlar bu kabi 4 manba bilan gaplashgan.

Ularning aytishicha, bu so'nggi bir necha o'n yillik ichidagi eng jiddiy muvaffaqiyatsizlikdir. Ular ushbu hodisani MRB xodimi Oldrich Eyms va Federal tergov byurosidan (FTB) Robert Xanssenlarning sotqinligi bilan tenglashgan.

MRBdagilarning aytishicha, Xitoy hukumati apparatidan keluvchi ma'lumotlar oqimi 2010 yilda to'xtab qolgan.

Agentlar 2011 yilning boshida yo'qola boshlagan. Ularning kamida bittasi davlat idorasi hovlisida, hamkasblarining ko'z o'ngida otib tashlangan.

Josuslarning fosh bo'lishiga xitoyliklarning MRB aloqa tizimini buzishga muvaffaq bo'lgani bir sabab qilib keltirilmoqda. Boshqa bir taxminga ko'ra, 2010 yili Xitoy kontrrazvedkasi tomonidan kiritilgan ayg'oqchi sabab fosh qilingan bo'lishi mumkin.

Ushbu hodisani tekshirish bilan MRB va FTB vakillaridan tashkil topgan maxsus guruh shug'ullangan. Nashr manbalaridan birining aytishicha, amaliyot "Honey Badger" (asalxo'r) deb nomlangan.

Surishtiruv ishlari MRBning sobiq xodimlaridan biriga borib taqalgan. Biroq unga nisbatan yetarli dalillar topilmagan. Uning hozir Osiyo davlatlaridan birida yashayotgani aytilmoqda.

"Tashvishlantiradigan narsalardan biri shuki, u yerda nima sodir bo'lganini biz hozir ham bilmaymiz", - deydi Bi-bi-si bilan suhbatda New York Timesda chiqqan maqola mualliflaridan biri Mett Alutsso.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.