Yamanga vabo epidemiyasi xavf solmoqda

bolalar Image copyright EPA
Image caption Vaboga chalinganlarning ichida koʻpchiligi bolalar

Yaman vabo epidemiyasi xavfi ostida qolgan, bir oy davomida ushbu kasallikdan 250 odam oʻlgan. "Bolalarni qutqaring" tashkilotining aytishicha, bir kunda yuzlab odam vaboga chalinmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, fuqarolik urushi girdobida qolayotgan mamlakatda vabo tezlik bilan tarqalmoqda. Ushbu dardga eng koʻp Yaman poytaxti Sanoda yoʻliqishmoqda. Hukumat bu shaharda favqulotda holat eʼlon qilgan.

BMT maʼlumotlariga koʻra, bu yerdagi uchdan ikki qism aholi toza ichimlik suviga yetisholmaydi. Bu taxminan 8 million kishini tashkil qiladi. Vabo ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali oʻtadi. Vabo alomatlari - kuchli ich ketish va qusish.

Kasallikni boshdan ogʻir kechadi, davolash oʻz vaqtida amalga oshmasa oʻlim bir necha soatning ichida kelishi mumkin.

Image copyright Reuters
Image caption Xastalikning asosiy manbasi ifloslangan ichimlik suvi

Xalqaro "Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti xalqaro jamoatchilikni vabo tarqalishining oldini olish uchun Yamanga zudlik bilan yordam koʻrsatishga chaqirmoqda.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining xabar berishicha, Yamanda urush natijasida 300 poliklinika va shifoxona buzilgan.

Yamandagi mojaro 2015 yilning martida avj olgandi. BMT maʼlumotlariga koʻra toʻqnashuvlar natijasida 8 mingdan koʻp odam oʻlgan. Halok boʻlganlarning aksari tinch aholi vakillaridir.

Urush natijasida taxminan 19 million odam insonparvarlik yordamiga muhtoj qolmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq