General Doʻstum ketdi, ammo "qaytadi"

General Doʻstum Image copyright facebook

Afgʻoniston prezident saroyi va birinchi vitse-prezidenti devoni ortidan, bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham rasman bildirgan.

Vazirlikning bu xususdagi rasmiy bayonoti general Abdulrashid Doʻstumning Turkiyaga kutilmagan safaridan ikki kun oʻtib eʼlon qilingan.

19 may kuni shu yil boshidan buyon tan qoʻriqchilari siyosiy muxolifi Ahmad Ishchining jinsiy va jismoniy zoʻravonlikka oid iddaolari bilan bogʻliq jinoiy ish markazida qolayotgan generalning Anqaraga joʻnab ketganiga oid xabarlar olingan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining ayni shu jinoiy ish manzarasida kuzatilgan kutilmagan safari uning Turkiyaga oʻz ixtiyori bilan muhojiratga yuz tutgan boʻlishi mumkinligiga oid talqinlarga ham sabab boʻlmay qolmagan.

Ammo partiyasi voizi ortidan, Turkiya Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha ham, general Abdulrashid Doʻstum Anqaraga odatiy tibbiy tekshiruvdan oʻtish va dam olish uchun kelgan.

Vazirlikka koʻra, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti oʻzi istagan paytda bemalol ortga qaytishi mumkin.

Generalning "sogʻligʻi joyida"

Turkiyadagi Afgʻoniston elchiligining Sogʻlik masalalari boʻyicha attashesi Korgar Nur oʻgʻlining BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha ham, bu - odatiy tekshiruv va general Doʻstumning sogʻligʻi joyida.

Suhbatdoshimizga koʻra, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti har uch-toʻrt oyda bu kabi tekshiruvdan oʻtib turadi va odatda, bu jarayon ikki haftacha vaqt oladi.

Uning bu gal Turkiya poytaxti Anqaradagi qay bir kasalxonada tibbiy tekshiruvdan oʻtishiga oid rasmiy maʼlumotlar imkonli emas.

Ammo oʻtgan yillar davomida buning uchun generalning Turkiya Qurolli kuchlariga qarashli nufuzli GATA yoki "Gulxona" harbiy gospitalidan foydalanib kelgani aytiladi.

Shu paytgacha Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining biror bir xastalikdan azob chekishiga oid rasmiy xabarlar olinmagan.

Afgʻoniston prezident saroyi voizi shanba kuni general Abdulrashid Doʻstumning tezroq sogʻayib, ortga qaytishi uchun duo qilishlarini aytish bilan birga, uning tan qoʻriqchilari bilan bogʻliq jinoiy ishning ham tezda hal boʻlishiga umid bildirgan.

Shu yil mart oyida Afgʻoniston birinchi xonimi Gʻarb nashrlaridan biri bilan suhbatida mamlakat birinchi vitse-prezidentining "uy hibsida oʻxshash bir holatda" ekanini daʼvo qilgan.

Ayni mazmundagi xabarlarga keskin munosabat bildirgan devoni esa, general Abdulrashid Doʻstumning hanuz oʻz vazifasi ijrosida ekanini bayon qilgandi.

Buning ortidan, Afgʻonistonning qator shimoliy viloyatlarida qudratni adolatli taqsimlash, oʻzbeklar va turkmanlarga haq berilishi talabi bilan yirik norozilik namoyishlari kuzatilgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti doxil devoni xodimlariga oylab maoshlari berilmayotganiga oid shikoyatlar ham olingan.

Agar, saroyi voizining shanba kungi bayonotiga tayanilsa, Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniyning birinchi muovini doxil milliy birdamlik hukumatining barcha aʼzolari bilan munosabatlari joyida.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02