Rossiya uchuvchisini oʻldirgan turk jangarisi qamaldi

Rossiya pilotining oʻldirilishi ikki davlat oʻrtasida taranglik keltirib chiqargandi Image copyright AFP
Image caption Rossiya pilotining oʻldirilishi ikki davlat oʻrtasida taranglik keltirib chiqargandi

Rossiya harbiy uchogʻi pilotini oʻldirganini tan olgan Turkiyalik jangari 5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Izmir shahri mahkamasi Turkiya fuqarosi Alparslan Chelikni noqonuniy ravishda qurolga egalik qilish aybi bilan 5 yilga hukm qilgan. Oldinroq u rossiyalimk uchuvchi Oleg Peshkov oʻlimiga masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan edi.

"Sud Chelikning Rossiya piloti Peshkovning oʻlimiga aloqador ishni koʻrib chiqmadi. U boʻyicha tergov davom etmoqda", - degan Chelikning advokati Murat Ustundagʻ RIA Novosti agentligiga.

Chelik va yana 18 nafar sudlanuvchi noqonuniy ravishda qurol saqlashlikda va olib yurishlikda ayblangan.

Ularni oʻtgan yilning 31 martida restoranlarning birida qoʻlga olishgandi. Ulardan avtomat va patronli ikkita toʻpponcha olingan.

Rossiya matbuoti Chelikni Turkiyaning "Koʻk boʻrilar" milliy radikal tashkiloti yetakchilaridan biri deb tanishtirgan. U urib tushirilgan SU-24 uchogʻi piloti Oleg Peshkovni parashyut bilan tushayotgan mahal otganini aytgan edi.

Image copyright Getty Images
Image caption 2015 dekabrda urib tushirilgan uchoqning "qora qutisi" Putinga koʻrsatilmoqda

Suriyadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan Rossiya Havo-kosmik kuchlari uchogʻi Turkiya-Suriya chegarasida 2015 yil 24 noyabrda turk qiruvchisi tomonidan urib tushirilgandi. Komandir Oleg Peshkov halok boʻlgandi, shturman qutqarilgan.

Hibsga olingan soʻng Chelik Rossiya pilotini oʻldirmaganini va sheriklariga katapulьta davomida Peshkovga qarat oʻq uzmaslik kerakligini buyurganini maʼlum qilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq