Turkiyada ommaviy sud boshlandi

Mahkamaga olib kelinayotgan ayblanuvchilar Image copyright AFP

2016 yil yozida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻonni hokimiyatdan agʻdarishni maqsad qilgan davlat toʻntarishi tashkilotchilari deb aytilayotgan 220 dan ortiq shaxs ustidan Anqara yaqinida mahkama jarayoni boshlangan.

Gumonlanayotganlar orasida yigirma olti sobiq general ham bor.

Turkiya hukumati oʻtgan yil 15 iyuldagi davlat toʻntarishining asosiy tashkilotchiligida AQShda yashaydigan ruhoniy Fathulloh Gulenni ayblaydi.

Hukumat davlat toʻntarishiga urinish ortidan favqulodda vaziyat eʼlon qilgan, davlat toʻntarishi dastaklovchilari deb koʻrilgan insonlarni qidirish boshlangan.

Shu paytgacha mamlakat tarixida koʻrilmagan reydlar, ishidan boʻshatish va hibslar amalga oshirilgan.

Gulen harakatiga aloqador deb koʻrilgan 47000 kishi hibsga olingan.

Davlat toʻntarishiga aloqadorlik ayblovi bilan mahkamalar 2017 yil fevralidan boshlangan.

Soʻnggi sud jarayoni Anqara yaqinida boshlangan, bu mahkama uchun atayin yirik sud binosi qurilgan.

Bu binodagi mahkama zaliga 1558 kishi sigʻadi.

Sud atrofida qattiq xavfsizlik choralari koʻrilgan, havoda dronlar parvoz qilib yurgan, binolarning tomlariga merganlar joylashtirilgan.

Qoʻllari kishanlangan ayblanayotgan shaxslarni olib oʻtishayotgan paytda yigirmatacha namoyishchi yigʻilgan.

Ular davlat toʻntarishiga urinish kechasi halok boʻlgan insonlarning yaqinlari boʻlganlar.

Turkiya bayroqlarini koʻtarib olgan namoyishchilar gumondorlarga oʻlim jazosi tayinlanishini talab qilganlar.

Biroq Turkiyada oʻlim jazosi bekor qilingan.

Oʻtgan yili 15 iyuldan 16 iyulga oʻtar kechasi 248 inson halok boʻlgan, deydi Turkiya hukumati.

Hukumat oʻsha tunda halok boʻlgan 24 davlat toʻntarishi ishtirokchisini qurbonlar soniga qoʻshmaydi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq