5 dollarlik quyosh chirogʻi savdoga chiqdi

SM100 solar lamp Image copyright Inventid

Britaniyadagi dizayn shirkati Xitoydagi yirik zavod bilan "dunyodagi eng arzon" quyosh nuridan quvvat oladigan chiroqni ishlab chiqarishga kirishgan.

Manchester shahrida joylashgan Inventid firmasi dizaynlashtirgan SM100 deb nom olgan quyosh chirogʻi Afrika mamlakatlarida 5 AQSh dollaridan savdoga chiqariladi.

Bu chiroq Xitoyning Yingli zavodi va "Solar Aid" deb nom olgan xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda ixtiro qilindi.

Kattaligi bir insonning qoʻliga joy boʻladigan chiroq quyoshdan bir marta toʻla zaryad olganidan keyin sakkiz soat davomida yorugʻlik tarqatib turadi.

Quyosh chiroqni tik turadigan qilib qoʻyish mumkin, qoʻlga yokish velosipedga bogʻlab ham olish mumkin.

Ishlab chiqarishni boshlashdan oldin SM100 chirogʻini Afrikaning Malaviy, Uganda va Zambiya davlatlarida 9000 oilada sinovdan oʻtkazib koʻrishgan.

Hozirga kelib oʻsha mamlakatlarda chiroq savdosi boshlangan.

Afrikada 600 million odam elektr energiyasi yoʻq joylarda istiqomat qilishadi.

Kerosin chiroqlar bu odamlar uchun yagona yorugʻlik manbasi boʻlib xizmat qiladi.

Biroq kerosinning narxi ham qimmat va bunday chiroqlarning har qaysi soniyada yongʻin keltirib chiqarish tahdidi saqlanib turadi.

"Kerosin oilalarni haddan ziyod qashshoqlik zanjirida ushlab turgan narsa, chunki bir oila oʻzining bir oylik daromadining chorak qismini yoqilgʻiga sarflashga majbur", deydi Inventid firmasi muassislaridan biri Henri Jeyms.

"Bu zanjirni uzib tashlash maqsadida biz Britaniyaning yetakchi quyosh batareyalarini xayriya qiladigan tashkilot - "Solar Aid" bilan hamkorlikda kambagʻal oilalarning ham sotib olishga qurbi yetadigan chiroqni ixtiro qildik. Bu Afrikada chiroqni 5 dollarga savdoga chiqarish mumkinligini anglatadi", deydi Henri Jeyms.

2012 yili Inventid shirkatini tashkil qilgan Henri Jeyms va Brin Morgan chiroqni ixtiro qilish uchun Afrikada faoliyat yuritadigan xayriya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganlar.

Image copyright Inventid
Image caption Chiroq quyoshdan bir marta toʻla zaryad olganidan keyin sakkiz soat davomida yorugʻlik tarqatib turadi

"Biz oilalarning kundalik yumushlari, yashaydigan joylarining tuzilishi va atrof-muhit sharoitini oʻrgandik. Biz insonlarning shaxsiy tajribalari, fikr va gʻoyalaridan ilhomlanib birgalikda Afrika uchun quyosh chiroq oʻylab topdik", deydi janob Jeyms.

"Biz bir yillik daromadi atigi 350 dollarni tashkil etadigan odamlar haqida gapirmoqdamiz", deydi u.

"Agar odamlar bu chiroqni oʻz hayotlariga tatbiq etsalar, oʻzlarining kundalik turmushining bir qismiga aylantirsalar, juda toʻgʻri boʻladi", dedi Henri Jeyms.

Sal oldinroq SM100 chirogʻi European Product Design Awards tanlovining "Jamiyat uchun dizayn va mustahkamlik uchun dizayn" deb nomlangan kategoriyasida kumush mukofot bilan taqdirlandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas