Ramazon: prezidentning oʻgʻli chora koʻrdi

Bozor Image copyright courtesy

Rustam Imomali Ramazon payti oʻzi hokimlik qiluvchi poytaxt Dushanbeda narx-navoni nazorat etmoqchi, uning koʻtarilishi oldini olmoqchi.

Hokimlik rasmiy web sahifasidagi xabarda aytilishicha, xuddi shu maqsadda sotuvchi va fermerlar bir marotabalik pul toʻlovidan ozod qilinishadi.

Ramazon oyida shahardagi qator bozorlar yaqinida va yana boshqa joylarda maxsus qishloq xoʻjalik mahsulotlari yarmarkalari uyushtiriladi.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Ayon boʻlishicha, bu haqdagi buyruq Tojikiston prezidenti toʻngʻich oʻgʻlining shaxsan oʻzi tomonidan imzolangan.

Bu kabi chora-tadbirlar esa, isteʼmol bozorlarida narx-navo koʻtarilishining oldini olish barobarida aholini eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni ham koʻzda tutadi.

Tojikiston Qirgʻiziston bilan birga Markaziy Osiyodagi eng nochor davlatdan bittasi sanaladi.

Agar xalqaro tashkilotlar maʼlumotlariga qaralsa, Tojikistonda aholining yarmiga yaqini shundoq ham nochorlikda hayot kechiradi.

Mamlakatda ishsizlik chuqur ildiz otgan.

Kambagʻal aholining kundalik isteʼmol xarajatlari, hattoki, 2 AQSh dollariga ham yetmaydi.

Mamlakatdagi minimal ish haqi esa, qariyb 30 AQSh dollari atrofida.

Bu esa, dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biridir.

Shu yil fevral oyida aynan narx-navo nazorati yuzasidan Rustam Imomali poytaxt Dushanbe bozorlari rahbarlarini tanqidlar tigʻiga tutganiga oid xabarlar ham olingan.

Yaqinda Oʻzbekiston kabi Tojikistonda ham birgina kartoshka narxining qariyb ikki barobariga sakrab ketganiga oid shikoyatlar ham kuzatilgan.

Xuddi shu manzarada Tojikistonda boshqa ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining qiymati ham anchagina koʻtarilganiga oid xabarlar paydo boʻlgan.

Ammo qolgan aksariyat mintaqa davlatlarida boʻlgani kabi, Tojikistonda ham, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, Ramazon va Qurbon Hayiti arafasida bir necha barobariga sakrab ketadi.

Oʻtgan yil aynan Ramazon Hayiti arafasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning qizi va maʼmuriyati rahbari Ozoda Rahmon oʻziga xos topshiriq bilan chiqqan.

Amaldorlar, tadbirkorlar va musulmon ulamolarni mamlakatdagi kam taʼminlangan va kambagʻal-muhtoj kishilarga "fitr sadaqasi" berish majburiyatini topshirgandi.

Bu yilgi Ramazon oyining yana sanoqli kunlardan keyin boshlanishi kutilmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02