Sankt-Peterburgdan 400 dan ortiq muhojir haydalgan

Rossiya Image copyright Getty Images

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri rasmiylari maʼlum qilishlaricha, shaharda noqonuniy yashab kelgan 419 muhojir oʻz mamlakatiga deportatsiya qilingan. Ularning aksari oʻzbekistonlik va tojikistonliklar boʻlganlar.

Rasmiylarga koʻra, bu 2017 yil boshidan buyon Rossiyaning shimoliy poytaxtidan badargʻa qilingan migrantlarning sonidir.

Deportatsiya qilinganlarning 84 foizini Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolar, qolganlari Qirgʻiziston, Ukraina, Moldova, Hindiston va Nigeriya fuqarolari edilar, deya xabar beradi hakamlar hayʼati matbuot xizmati.

Oʻz mamlakatiga chiqarib yuborilgan 419 kishi nafaqat Sankt-Peterburg shahri, balki Leningrad viloyatida ham noqonuniy ishlab yashaganlarni oʻz ichiga oladi.

Masʼullarga koʻra, 2012 yildan buyon Peterburgdan qariyb 9000 kishi deportatsiya qilingan.

Oʻz vataniga haydab yuborilgan insonlarning endi 5 yil davomida Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishlari taqiqlanadi.

Sankt-Peterburg shahri metrosida 3 aprel kuni roʻy bergan portlashdan keyin noqonuniy mehnat muhojirlarini "ovlash" kuchaydi.

Tekshiruvlar shahardagi katta sondagi Markaziy osiyolik migrantlar mehnat qiladigan qurilish maydonlarida ham oʻtkazilgan.

3 aprel kungi portlash ortidan Sankt-Peterburgdagi nolegal migrantlar "qoʻrqqanlaridan ish tugul, hatto, koʻchaga chiqolmay" qolishganini aytishgan.

Agar, mahalliy faollarning hisob-kitoblariga tayanilsa, ham oʻzbekistonlik va ham jami markaziy osiyolik migrantlarning soni boʻyicha Sankt-Peterburg poytaxt Moskvadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.

Sankt-Peterburgda yarim millionga yaqin oʻzbekistonlikning mehnat qilishi aytiladi.

Rossiya rasmiylariga koʻra, Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni Akbarjon Jalilov sodir etgan.

Akbarjon Jalilov Qirgʻiziston janubida tugʻilgan oʻzbek boʻlgan.

Akbarjon Jalilovning Rossiya fuqaroligini 2011 yilda olgani, bunga uning otasining Sankt-Peterburgda uzoq yillar yashagani asos boʻlgani xabar qilingan.

Aksar tahlilchilarda Akbarjon Jalilov haqiqatdan ham Sankt-Peterburgdagi terrorchilik xurujining tashkilotchisimi, degan savollar ham yuzaga chiqqan, bu savollarga tergov yakunida javob topish mumkin, ammo ayrim kuzatuvchilar bu savollarga oydinlik kiritilishiga shubha ham qiladilar.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlash 3 aprel kuni tushki soat 14:30 larda roʻy bergan.

Metroning "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut-2" bekatlari oʻrtasida borayotgan vagon portlagan.

Rossiya tergovchilariga koʻra, xudkush hujumchi oʻzining yonidagi portlovchi moddani portlatgan va bu xudkush hujumchi Akbarjon Jalilov boʻlgan.

Oqibatda oʻn besh inson halok boʻlgan.

Bundan tashqari metroning "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida qoʻlbola bomba ham topilgan.

Tergovchilarning taxminicha, portlashni tashkil qilishda gumon qilinayotgan Akbarjon Jalilov avval bombani "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida qoldirgan, soʻng vagon ichida oʻzini portlatgan.

Rossiya tergovchilari ushbu tergov doirasida sakkiz kishi hibsga olingani, ular bir terrorchilik guruhining aʼzolari deb gumon qilinayotgani haqida xabar tarqatganlar.

Qamoqqa olinganlarning olti nafari Sankt-Peterburgda, ikkitasi Moskva shahrida boʻlganlari, ularning hammasi Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari ekani aytilgan.

17 apreldagi mahkama Akbarjon Jalilovni Rossiya fuqaroligidan mahrum etish haqida qaror chiqargan.

11 may kuni portlashga aloqadorlik gumoni bilan qoʻlga olingan uch nafar oʻzbek rasman "terror"da ayblangan.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashga masʼuliyatni 'Imom Shomil bataloni' oʻz zimmasiga olib chiqqani xabar qilingan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02