Manchesterda "terror hujumi", qurbonlar orasida bolalar bor

Manchester Image copyright PA

Britaniya politsiyasi xabar berishicha, Manchesterdagi hujum oqibatida 22 inson halok boʻlgan, 59 kishi yaralangan.

Ularning orasida bolalar ham borligi aytilmoqda.

Hujumga hozircha masʼuliyatni biror bir guruh oʻz zimmasiga olmagan.

Hujum mahalliy vaqt bilan dushanba kuni yarim tunga yaqin kuzatilgan.

"Manchester-arena"da amalga oshirilgan.

Portlash amerikalik pop yulduzi Ariana Grande kontserti tugashi bilanoq yuz bergan.

Politsiyaga koʻra, hujum bir kishining ishi boʻlgan.

Joriy paytda uning sheriklari bor-yoʻqligi oʻrganilmoqda.

Dastlabki farazlarga koʻra, hujumchi portlovchi uskunani kontsert zaliga olib kirgan.

Soʻngra uni harakatga keltirib, oʻzi ham birga portlab ketgan.

Politsiya hujumga "terrorchilik amali", deya baho bergan.

23 yoshli Ariana Grande, ayniqsa, oʻsmir qizlar va bolalar orasida mashhur.

Hujumga u ham oʻz munosabatini bildirgan.

Yozgan twitida portlash va qurbonlarga oid xabarlardan "dili vayron boʻlgani"ni aytgan.

Bundan avval Nitstsa, Berlin, Istanbul, London va Stokgolm ham "terrorchilik" amallariga sahna boʻlgan.

Ulardan aksariyatiga masʼuliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi oʻz zimmasiga olib chiqqandi.

Tafsilotlarini BBC Oʻzbek Xizmati bilan kuzatib boring.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02