Britaniyadagi terror hujumlari

Manchester shahridagi "Manchester Arena" tomoshagohidagi xudkushlik hujumi oqibatida 22 inson halok boʻlgan va 59 kishi jarohatlangan.

BBC Britaniyada soʻnggi yillarda uyushtirilgan terrorchilik xurujlari tarixiga nazar tashladi.

2005 yil 7 iyulidagi London hujumlari

Image copyright PA

Toʻrt xudkush hujumchi 2005 yilning 7 iyul kuni London transport tizimini nishonga oldi. Bu kun koʻpincha matbuotda 7/7 deb tilga olinadi.

Uchta qoʻlbola bomba London metrosida birin-ketin portlatilgan: Oldgeyt stantsiyasi yaqinidagi portlashda olti inson halok boʻlgan, Edjver-Rouddagi portlashda yetti kishi halok boʻldi, Kings-Kross va Rassel-Skver metro bekatlari oʻrtasidagi portlash 27 insonning umriga zomin boʻldi.

Toʻrtinchi portlash yoʻlovchilar bilan toʻla boʻlgan avtobusda sodir etilgan. Tavistok-Skverda roʻy bergan portlashda 14 kishi halok boʻlgan.

Hujumchilar London shimolida istiqomat qilgan islomiy ekstremistlar boʻlganlar. Ularning yetakchisi Muhammad Siddiq Xon boʻlgan deb xabar qilingan.

Bombachilarning uch nafari Britaniyada tugʻilib oʻsganlar, ular Pokistondan kelgan muhojirlarning farzandlari boʻlganlar.

Oradan ikki hafta oʻtib yana Londonning bir necha transport tarmogʻini nishonga olgan portlashlarni uyushtirishga harakat boʻlgan. Biroq bu gal hujumchining portlovchi moddasi portlamay qolgan.

2007 yil 30 iyun. Glazgo aeroportiga hujum

Image copyright PA

Gordon Braun Bosh vazir boʻlganidan uch kun oʻtib ikki kishi Jeep avtomobilini Glazgo aeroporti terminaliga borib urib portlatishga uringanlar. Avtomobil alanga ichida qolgan.

Hujumchilardan biri ota-onasi iroqlik, Britaniyada tugʻilib katta boʻlgan Bilol Abdulloh boʻlgan. U Royal Alexandra Hospital shifoxonasida vrach boʻlib ishlagan. Bilol Abdulloh avtomobildan chiqib binodagi insonlarga hujum qilishga intilgan, biroq politsiya tomonidan qoʻlga olingan.

Avtomobil haydovchisi Kafil Ahmad yonayotgan mashinadan chiqqan. Badani qattiq kuygani uchun keyinroq oʻlgan. Bu hujumda boshqa qurbon boʻlmagan.

Keyinroq maʼlum boʻlishicha, Glazgodagi hujum bilan London tungi klubida ikki kun oldin rejalashtirilgan, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchragan portlashga urinish oʻrtasida bogʻliqlik boʻlgan.

Li Rigbi, 2013 yil 22 mayi

Image copyright Metropolitan Police

Ikki kishi Maykl Adebolajo va Maykl Adebovale London janubi-sharqidagi Vulichda joylashgan baragi yonida borayotgan payti Britaniya askari Li Rigbiga hujum qilganlar.

Rigbining ustiga avtomobil bilan haydab borib urganlar. Soʻng askar chopqi bilan oʻldirilgan. Hujumdan keyin ular politsiya kelishini kutib turganlar, yon-atrofdagi insonlarning telefoniga nega hujum qilganlari maqsadini yozganlar.

Ular Britaniya qurolli kuchlari musulmonlarni oʻldirayotganiga javoban qasd olish uchun askarni oʻldirganlarini aytganlar.

Ikki hujumchi ham Britaniyada tugʻilib oʻsgan, asli nigeriyalik ota-onalar farzandlari boʻlganlar, nasroniy sifatida tarbiyalanganlar, soʻngra Islom dinini qabul qilganlar.

Ikki hujumchiga ham bir umrlik qamoq jazosi tayinlangan. Adebolajoga umrbod qamoq jazosi, Adebovalega kamida 45 yillik qamoq belgilangan.

Jo Koks, 2016 yilning 16 iyuni

Image copyright BEN STANSALL

Britaniya parlamentining Leyborist partiyadan aʼzosi Jo Koksni Tomas Meyr degan odam otib soʻng pichoqlab oʻldirgan.

Angliya shimolining Vest Yorkshiridagi Birstall shahri kutubxonasi oldida yuz bergan hujum payti Tomas Meyr "Britaniya birinchi oʻrinda" deb baqirgan.

Britaniya Qirollik Prokuraturasi ushbu hujumni "terrorchilik xuruji" deb taʼriflagan.

Meyr Jo Koksni avval otgan, soʻng pichoqlagan, boshqalarga esa bu yerdan ketishga buyruq bergan. 77 yashar Bernard Kenni hujum oldini olishga intilgan paytida qornidan pichoqlangan.

Ushbu hujum Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqish maqsadida referendum kampaniyasi olib borilayotgan paytda roʻy bergan, hujum ortidan kampaniya toʻxtatilgan.

Jo Koksga hujumni sudya "siyosiy sabablarga asoslangan" deb taʼriflagan.

Vestminster xuruji, 2017 yil 22 marti

Image copyright Kathy Casatelli

Shu kuni Londondagi Parlament binosiga yaqin Vestminster koʻprigida borayotgan piyodalarni Xolid Maʼsud mashinasi bilan urib ketgan. U Kentda tugʻilgan, asli ismi Edrian Elms boʻlgan, keyin Islomni qabul qilgan. Ushbu hujum islomiy ekstremistik hujum deb koʻriladi.

Koʻprikdagi piyodalarni bosib oʻtganidan keyin Xolid Maʼsud mashinasini parlament hovlisi panjarasiga borib urgan. Mashinadan chiqib parlament darvozasiga qarab chopgan, uning yoʻlini politsyaichi Kiyt Palmer toʻsgan.

Maʼsud politsiya zobitini pichoqlagan, soʻng uning oʻzini boshqa politsiyachilar otib oʻldirganlar.

Toʻrt piyoda va politsiya zobiti Palmer halok boʻlgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq