"Toshkent odam emas, mashinaga qulay shahar"

Toshkent shahri koʻchasi Image copyright kun.uz

Toshkent shahar hokimligining taklifiga binoan Oʻzbekiston poytaxtining meʼmoriy qurilishi bilan tanishish uchun borgan dunyoga mashhur arxitektor Yan Geyl, Toshkent insonlarning emas, avtomobillarning qulayligi uchun birinchi oʻringa qoʻyilgan shahar, degan xulosaga kelgan.

May oyining oʻrtasida Toshkentga borgan daniyalik meʼmor shahar bilan yaqindan tanishish, soʻng oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashishga vaʼda bergan edi.

Dunyoning qator poytaxtlaridagi ahvolni oʻzgartirgani bilan mashhur boʻlgan Yan Geyl Toshkentga borganidanoq shaharda asfalt koʻpligini ilgʻagani haqida aytgandi.

U bogʻ-rogʻlar, oʻt-oʻlanli va gulli xiyobonlar va parklarni poytaxtda koʻpaytirish lozim deb hisoblaydi.

Dunyoga mashhur meʼmor aytishicha, Toshkent odamlarni emas, avtomobillarni yaxshi koʻradigan shaharga aylangan.

Shahar avtomobilni yaxshi koʻrsa, avtomobilning soni koʻpayadi, deb aytgan Yan Geyl.

Buning oldini olish uchun shaharni insonlar haqida koʻproq qaygʻuradigan shaharga aylantirish lozim, aks holda havo ifloslanib Toshkent xuddi Xitoy poytaxti Pekinga oʻxshab qolishidan ogohlantirgan Yan Geyl.

U Toshkent shahar hokimligining oʻzini ahvolni yaxshilash uchun taklif etganini ijobiy baholagan.

Yan Geylning SFI Management shirkati Toshkent shahar hokimligiga poytaxtni yanada yashillashtirish takliflarini taqdim etishi xabar qilingan.

Oxirgi yillarda Toshkent koʻchalarida avtomobillarning soni keskin ortdi.

Avtomobil "probka"larining sonini kamaytirish maqsadida koʻchalar kengaytirilmoqda, yangi yoʻllar solinyapti, yangi koʻprik va puteprovodlar qurildi va barpo etilmoqda, Toshkent Kichik Xalqa yoʻli ishga tushirildi.

Shunday boʻlsa ham poytaxtning tobora koʻpayib borayotgan mashinalar oqimiga dosh berishi qiyinlashib bormoqda.

Avtomobil "probka"larini kamaytirish uchun bu yoʻnalishda yetarli tajriba orttirgan dunyoning yirik shaharlari rahbarlari qanday yoʻl tutganlariga oʻrganishga toʻgʻri kelyapti.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq