IShID Manchester hujumi uchun masʼuliyatni boʻyniga oldi

Manchester Image copyright Getty Images

Oʻzini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh Manchesterdagi hujum uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib chiqqan.

IShIDning bayonoti Amaq axborot resursida eʼlon qilingan.

IShID bayonotida "xalifalik askarlaridan biri olomon orasiga bomba joylashtirilgani" aytilgan.

Bundan oldin Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey xudkush hujumchining shaxsi politsiyaga maʼlum boʻlgani haqida aytgan.

Hozircha xudkush hujumchi nomini eʼlon etmaslikka qaror qilingan.

Manchester shahridagi "Manchester Arena" tomoshagohidagi portlashga aloqador deb koʻrilib 23 yoshli bir erkak hibsga olingan.

Image copyright Mark Worswick

"Jabrlanganlar orasida oʻzbekistonliklar yoʻq"

Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi vakilining BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida bildirishicha, Manchesterdagi hujumda qurbon boʻlgan va yoki yaralanganlar orasida biror bir fuqarolari yoʻq.

Hujum dushanba kuni kechqurun mahalliy vaqt bilan kechki soat 22:35 da yuz bergan.

Shahardagi "Manchester-arena" hujum sahnasiga aylangan.

Videolavhamizni tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing.

Portlash amerikalik pop yulduzi Ariana Grande kontserti tugashi bilanoq amalga oshirilgan.

"Manchester-arena" sigʻimi boʻyicha Buyuk Britaniyadagi eng yirik yopiq inshoot hisoblanadi.

Maʼlumotlarga koʻra, arena jaʼmi 21.000 tomoshabinga moʻljallangan.

Ammo kontsert tugagan paytda unda necha kishining hozir boʻlgani aniq emas.

Eng soʻnggi rasmiy raqamlarga tayanilsa, hujumda 22 kishi qurbon boʻlgan. Ularning orasida bolalar ham bor.

Yaralanganlarning soni esa, shu soatlarda 59 nafar ekani aytilmoqda.

Ammo shu paytgacha na-da qurbonlar va na-da jarohatlanganlarning shaxslari ochiqlangan.

Qurbonlar va yaralanganlar

Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi ham Manchesterdagi hujumda biror bir fuqarolari jabr koʻrmaganligini aytib chiqqan.

Vazirlikka koʻra, Ariana Grande kontsertida olti nafar talabalari hozir boʻlgan.

Ammo oʻzlariga imkonli boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, ularning barchasi sogʻ-omon turar-manzillariga yetib olishgan.

Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi, oʻz oʻrnida, fuqarolarini ehtiyot boʻlishga chaqirishni ham unutmagan.

Manchesterdagi portlashda qurbon boʻlganlar oilalari va yaqinlariga ham oʻz taʼziyalarini izhor etib qolgan.

Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev esa, yuz bergan hujum yuzasidan britan Bosh vaziri Tereza Meyga hamdardlik telegrammasini yoʻllagan birinchi Markaziy Osiyo davlat rahbari boʻlgan.

Shu soatlarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham Britaniya va uning Bosh vaziriga oʻz hamdardligini bildirganiga oid xabarlar olingan.

Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Oʻzbekiston rahbari, "qurbonlar yaqinlariga oʻzining samimiy hamdardlik soʻzlari va dastagini yetkazish"ni soʻragan.

Hujumda "yaralanganlar barchasining tezda sogʻayib ketishlari"ni tilab qolgan.

Tojikiston va Qirgʻiziston vakillarining BBCga bildirishlaricha, Manchesterdagi hujumda jabr koʻrgan fuqarolari bor-yoʻqligi borasida shu soatlarda aniq maʼlumotga ega emaslar. Ularga koʻra, hali bu masalani oʻrganishmoqda.

Hozir ishlash, yashash va tahsil olish ilinjida Buyuk Britaniyada boʻlgan Markaziy osiyoliklarning soni minglab ekani taxmin etiladi.

Manchester esa, Angliyaning eng yirik shimoliy-gʻarbiy shaharlaridan biri sanaladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02