Yana IShID, Yevropaga nima boʻldi?

IShID Image copyright Getty Images

Angliyaning Manchesteridagi hujumga ham masʼuliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi oʻz zimmasiga olib chiqdi.

Guruhning bu xususdagi bayonotida aytilishicha, 20 dan ortiq insonning umriga zomin boʻlgan, yana oʻnlabini yaralagan hujumni oʻz tarafdorlaridan biri amalga oshirgan.

Tahlilchi bilan suhbatimiz tafsilotlari videolavhamizda.

Joriy pallada britan politsiyasi hujumning bir shaxs tomonidan uyushtirilgani, uning oʻzi harakatga keltirgan portlovchi uskuna bilan birga portlab ketganini gumon qilmoqda.

Bundan avval Nitstsa, Berlin, Istanbul, London va Stokgolm ham "terrorchilik" amallariga sahna boʻlgan.

Ulardan aksariyatiga masʼuliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi oʻz zimmasiga olib chiqqandi.

Shunday ekan, bularning barchasi nimalarga dalolat qiladi? Yevropa bugun IShID tahdidiga qanchalik tayyor?

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shunday savollar bilan Londondan Mudofaa masalalari boʻyicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersga murojaat qildi:

Pol Rojers: Yevropa IShID tahdidiga qarshi qoʻlidan kelgancha tayyor. Ammo IShID, oʻz taʼbiricha, urushini olisdagi dushmanining "uyiga" eltish ahdida qatʼiy. Bunga 2014 yilda xalqaro harbiy koalitsiya boshlagan shiddatli havo hujumlari sabab. Shu bois ham qariyb uch yildan buyon IShID xuddi shuning payiga tushib qolgan.

BBC: IShID oʻz hujumlari bilan nima demoqchi, nimaga erishmoqchi?

Pol Rojers: Bu kabi hujumlari bilan IShID, menimcha, uch maqsadni koʻzlagan. Birinchidan, oʻzini hanuz qudratli, deb koʻrsatmoqchi. Ikkinchidan, AQSh, Britaniya va Frantsiya tomonidan uyushtirilayotgan havo hujumlari uchun qasos olmoqchi. Chunki, ayrim hisob-kitoblarga koʻra, bu hujumlarda guruh allaqachon 50 mingga yaqin odamini boy bergan. Uchinchidan, ular oʻz hujumlari bilan, deylik, Frantsiya va Britaniyadagi jamoalar orasiga raxna solmoqchi. Islomofobiya tuygʻusini kuchaytirmoqchi. Chunki bu, ularning nazdlarida, jamiyatning yanada parchalanishiga olib keladi. Natijada, oʻzlarining saflariga qoʻshilishga tayyor norozi, gʻazabnok yoshlar qatlami vujudga keladi.

BBC: Shunday ekan, bu kabi tahdid qarshisida Yevropaning qoʻlidan nima keladi? Nima qilmoq kerak boʻladi?

Pol Rojers: Xuddi shu bois ham, bu kabi tahdid ostida qolayotgan mamlakatlar bir yoqadan bosh chiqarib, jamoalarning imkon qadar bahamjihatliklarini taʼminlash yoʻlida ish olib borishlari kerak. Boshqa tomondan, xalqaro xavfsizlik, IShID va "al-Qoida"ga oʻxshash jangari guruhlar bilan bogʻliq butunboshli muammoga yondashuv qayta koʻrib chiqilishi kerak, nazarimda. Chunki shu paytgacha qoʻllab kelingan choralar ish bermayapti. Biz bu kabi guruhlarning qanday qilib dastakka ega boʻlishayotgani tagiga yetishimiz kerak. Bu oson ish boʻlmaydi. Ammo bu qilinishi shart boʻlgan ishdir.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02