"Spektakl sud"da hakam oʻzgardi

Kishanband qoʻl Image copyright .

Boshlanganidan buyon Oʻzbekiston qonunlari buzilayotgani bilan inson huquqlari himoyachilari tomonidan "spektakl sud" deb atalgan Toshkentdagi jarayonda kutilmaganda sud hakami oʻzgartirilgan.

Bu haqda Oʻzbekiston Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi xabar tarqatdi.

Tashabbus guruhiga koʻra, Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar mahkamasida fevral oyidan beri borayotgan sudda sudya Azim Xudoyberganov jarayondan chetlashtirilgan.

Inson haqlari faollariga koʻra, hakam Azim Xudoyberganov diniy ayblovlar qoʻyilgan 12 shaxs ustidan borayotgan sudda Oʻzbekiston Jinoyat-Protsessual kodeksi talablarini buzgan, sud tergovini nomunosib tashkillashtirgan.

Bundan oldin ayblanayotgan shaxslarga soʻnggi soʻz berilgan, ulardan 11 nafari oʻzlarining dastlabki tergov davomida qiynoqlarga solinganlarini hikoya qilib bergan edilar.

23 may kuni sud majlisi sudьya Iroda Muhamedova raisligida boshlangan.

Jarayonning yangi hakami sud tergovini boshidan boshlagan.

"Bu jinoyat ishi koʻrilishida yuz bergan ilk hodisa", deya taʼkidlaydi Inson huquqlari himoyachilari Tashabbus guruhi.

Mahkamada advokat ayblanuvchilardan biri Azimjon Urunovni ozod etishni soʻragan.

Jarayonda tanaffus eʼlon qilinib, soʻng Azimjon Urunovni ozod qilish haqida qaror oʻqib eshittirilgan.

12 ayblanuvchiga Oʻzbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, "Hizbut-Tahrir" noqonuniy diniy tashkilotiga aʼzolik, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish singari diniy-siyosiy ayblovlar ilgari surilgan.

Ayblanayotganlarning qamoqqa olinishi, dastlabki tergovi va sud jarayonlarini kuzatayotgan norasmiy Oʻzbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi xabar tarqatishicha, soxta jinoyat ishi Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan 2016 yilning avgustida qoʻzgʻatilgan.

Oktyabr oyida esa tergov uchun Milliy Xavfsizlik xizmati respublika idorasiga oʻtkazilgan.

Sud shu yilning fevralida boshlangan.

Mahkamadagi soʻnggi soʻzlarida ayblanuvchilar oʻzlarining "Hizbut-Tahrir"ga aʼzoliklarini, jinoyat ishi boʻyicha oʻzlariga qoʻyilgan boshqa ayblovlarni inkor etganlar.

Hunarmand ustalar, sinfdosh va kursdoshlardan iborat guruhning yagona "aybi" - "pul yigʻib "gap oʻynaganlari" ekanini aytganlar.

"Gap" Oʻzbekistonning aksar hududlarida, xususan, Toshkent shahrida doʻstlar, hammaslaklar, hamkasblar muayyan vaqtda yigʻilib ziyofat va boshqa koʻngilochar tadbirlar uyushtirib, jamoaviy hordiq chiqarish shaklidir.

Toshkentda sudi boʻlayotgan insonlar ham 20-22 kishidan iborat "gap"ni ancha yillardan buyon tashkil qilib kelganlar.

Oralarida hunarmandlari ham boʻlgan insonlar har oyda 500 ming soʻmdan "chyornaya kassa" oʻzaro moliyaviy yordamini tashkil qilganlar.

Toʻplangan mablagʻ toʻy tayyorgarligi yoki nogiron bolalar davolanishi singari "Gap"ning oʻta muhtoj ishtirokchisiga berilgan.

12 ayblanuvchidan biri Husniddin Inogʻomovning onasi Shohida Inogʻomovaning aytishicha, nogiron nevarasi uchun eshitish apparati ana shu "chyornaya kassa" mablagʻidan xarid qilingan.

Suddagi koʻrsatmalari payti ayblanuvchilar qiynoqlar ostida ayblarni oʻz boʻynilariga olishga majbur boʻlganlarini aytganlar.

"Diniy" mahkamalar va qiynoqlar davom etmoqda"

1 kishi soʻnggi soʻzini aytmagan, bu odam Oʻzbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi taxminicha, MXX provokatori boʻlgan.

Tashabbus guruhi Toshkentdagi mahkamani "spektakl sud" deb atagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq