Rossiyada halol mehmonxonalarga qanchalar ehtiyoj bor?

Natalya Rudakova Image copyright BBCUZBEK
Image caption Natalya otasi asli qirgʻizistonlik oʻzbeklardan ekani va bu oilaviy biznes ekanini aytadi

Halol oshxona, halol mehmonxona va yo halol sayohat kabi soʻzlar bugun Rossiya uchun ham yangilik emas.

Poytaxt Moskva doxil qator shaharlarda halol taomlarni hech qiynalmay topasiz.

"Halol" yorligʻini olgan mehmonxonalar esa Rossiyada son-sanoqsiz boʻlmasa-da, muayyan shaharlarda mijozlarga eshik ochgan.

Sankt-Peterburgda musulmonlar uchun shart-sharoitlar yaratilgan "Ipak yoʻli" mehmonxonasi ish boshlaganiga hali bir yil ham toʻlgani yoʻq.

Mehmonxona xoʻjayini Natalya Rudakova-Ayupovaga koʻra, boshida niyat sharqona uslubdagi bir mehmonxona barpo qilish boʻlgan.

Natalya Rudakova bilan suhbatni BBCUZBEK ning YouTube kanalida tomosha qiling

Image copyright BBCUZBEK
Image caption Boshida niyat sharqona uslubda mehmonxona barpo qilish boʻlgan

"Shu bois barcha xonalarimiz sharqona uslubda jihozlangan. Jarayonda musulmonlar uchun ham sharoit yarataylik degan gʻoya keldi".

"Avval yotoqlarni toʻgʻri joylashtirib chiqdik. Har bir xonada Makkai Mukarramani koʻrsatuvchi belgi bor. Tahorat olish uchun sharoitlar yaratganmiz. Qabulxonadan har bir mehmon joynamoz va Qurʼoni Karim soʻrab olishi mumkin", deydi mehmonxona xoʻjayini Natalya Rudakova-Ayupova.

Ammo, unga koʻra, hali Sankt-Peterburg kabi shaharlarda "halol" mehmonxonalar u qadar ommabop emas.

Image copyright Courtesy
Image caption "Halol mehmonxonalar Rossiyaning musulmonlar koʻp yashovchi mintaqalarida ommabop"

"Toʻgʻri, biz Peterburgdagi ilk halol mehmonxonamiz. Ammo bu yer faqat musulmonlar uchun degan daʼvodan uzoqmiz. Barcha dindagi mehmonlarga birdek xizmat koʻrsatamiz. Haqiqatni olganda, mehmonlarimiz orasida hali musulmonlar deyarli yoʻq. Halol mehmonxonalar Rossiyaning musulmonlar koʻp yashovchi mintaqalarida ommabop. Masalan, Qozonda bu biznes anchayin muvaffaqiyatli", deydi u.

Ayni paytda, Natalyaning aytishicha, rublning dollar va yevroga nisbatan qiymati tushib ketishi sayyohlik biznesiga salbiy taʼsir koʻrsatdi deb boʻlmaydi.

"Aksincha, Yevropa va boshqa mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar soni koʻpaydi. Ayniqsa, madaniy poytaxt sanaladigan Sankt Peterburgga qiziqish ortgan. Shahardagi mehmonxonalar soni esa, u qadar koʻp emas".

Oʻzbeklarsiz "oʻzbek restorani"

Musulmon mehmonlar esa kunlik "halol" luqma qidirib koʻcha oralashlariga ham hojat yoʻq. Mehmonxona yonida "Navroʻz" deb nomlangan halol oshxona ham xizmat koʻrsatadi.

"Bizning restoranimiz shahardagi eng eski oʻzbek restorani boʻlsa kerak. Uni ilk bor biz ochganmiz, 2003 yil edi. Shaharda keyin yana 1-2 ta oʻzbekcha oshxona paydo boʻldi. Hozir ularning soni koʻp va raqobat ham kuchli..."

Ammo mehmonxona hozircha musulmonlar bilan toʻlib toshmaganidek, restoranda ham ular koʻp emas.

"Mehmonlarimiz asosan ruslar... Oʻzbeklar deyarli yoʻq. Bilasiz, shahardagi oʻzbeklarning aksari mehnat muhojirlari va ular restoranlarga kirishmaydi".

Image copyright BBCUZBEK
Image caption Doimiy mehmonlar koʻnglini esa faqat "halol" yorligʻi bor mahsulotlar bilan ovlab boʻlmaydi...

Gulsevar Zamon lavhasini BBCUZBEK ning YouTube kanalida tomosha qiling

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02