Mirziyoyev Oʻzbekistonni Kaspiyga olib chiqadimi?

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhammedov Image copyright "Turkmenistan-Zolotoy vek"
Image caption Shavkat Mirziyoyev qoʻshni Turkmaniston energiya zaxiralaridan Oʻzbekiston ham foyda koʻrishini istamoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston ham Kaspiy dengizining Turkmaniston qismida neft qazib olish jarayonida qatnashishini aytgan.

Bu borada yozgan "Xronika Turkmenistana" xabar agentligiga koʻra, Toshkent hatto Turkmanistonning koʻp milliardli TAPI gaz quvuri loyihasida ham hamkorlik qilishi mumkin.

Turkman gazini Hindistongacha olib boradigan TAPI quvurida Oʻzbekiston ishtirok etishi ehtimoli haqida hali bir yil oldin ham hech qanday xabar yoʻq edi.

Turkmaniston gaz boyligi boʻyicha dunyodagi ilk beshlikda. Oʻzbekiston esa muttasil energiya taqchilligiga yuz tutib kelmoqda.

Lekin Toshkent Ashxobodga xavfsizlik masalasida katta yordam berishi mumkin.

Turkmaniston Oʻzbekistonning neftni qayta ishlash zavodlari uchun muhim xomashyo manbasi ham boʻla oladi.

Mamlakatdagi yirik Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari yoniga endi Jizzaxda ham ulkan korxona qurilmoqda.

Chetdan muntazam yoqilgʻi kelmasa, Oʻzbekiston ularni oʻz holicha xomashyo bilan taʼminlay olmaydi.

Turkmanistonning Qozogʻiston va Qirgʻizistonga sotiladigan elektr simlari ham Oʻzbekiston hududlari orqali oʻtishi aytilayapti.

Oʻzbekiston bir necha yil oldin Turkman gazini Xitoyga yetkazadigan gaz quvurining oʻz hududidan oʻtishiga erishgandi.

Hozirgi hajmi bilan hali yana 300 yilga yetadigan Turkman gazi Oʻzbekiston gaz-kimyo sanoati uchun muhim.

Negaki, Oʻzbekistonning oʻz gaz boyliklari kelasi 30 yil ichida tugashi mumkinligi aytib kelinadi.

Mutaxassislarga koʻra, mintaqadagi eng aholisi katta Oʻzbekiston oʻzining energiya va suv taʼminoti xavfsizligini taʼminlash yoʻlida qoʻshnilar qoʻlloviga ehtiyojmand.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq