Rossiyaga borayotgan oʻzbeklar soni ortgan

mehnat muhojirlari Image copyright Reuters
Image caption Oʻzbeklar Markaziy Osiy davlatlari orasida Rossiyadagi migrantlar soni boʻyicha birinchi oʻrinda

Shu yil boshidan buyon Rossiyaga safar qilgan oʻzbek mehnat muhojirlarining soni 600 mingga yetgan.

Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsev oʻzbekistonlik hamkasbi Abdusalom Azizov bilan Toshkentdagi uchrashuvi chogʻida maʼlum qilgan.

Sputnik agentligining Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga iqtibosan xabar qilishicha, hozirda Rossiyada 1 million 700 ming Oʻzbekiston fuqarolari bor.

"Biz bu sohadagi hamkorlikni mustahkamlashimiz kerak, chunki hayotning oʻzi shuni taqozo etmoqda", - deb aytgan Rossiya IIV rahbari.

Kolokolьtsev ikki davlat hukumatlari oʻrtasida noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash va migrantlar huquqlarini himoya qilish doʻyicha tuzilgan komissiyalar faoliyatini jonlantirish zarurligini aytgan.

Rossiya Ichki ishlar vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, uchrashuv chogʻida mehnat muhojirligining dolzarb masalalari ham muhokama qilingan.

Jumladan Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini tashkillashtirilgan asosda amalga oshirishga doir kelishuv bu boradagi qator muammolarni hal etishi taʼkidlangan.

Har yili yuz minglab oʻzbekistonliklar mavsumiy ishlar uchun Rossiyaga safar qilishadi.

Oʻzbeklar Markaziy Osiy davlatlari orasida Rossiyadagi migrantlar soni va pul joʻnatmalari boʻyicha birinchi oʻrinda.

Tahlilchilarga koʻra, oxirgi 10 yilda oʻzbek mehnat muhojirlari uylariga yuborgan pul-mablagʻlar oʻzbek soʻmini butunlay barbod boʻlishdan asrab qolgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02