Rossiyada bedarak ketgan oʻzbeklarni kim qidiradi?

Nishonboy Aliqulov ishchi sifatida sotib yuborilgan, deya taxmin qilinmoqda
Image caption Nishonboy Aliqulov ishchi sifatida sotib yuborilgan, deya taxmin qilinmoqda

Rossiyada har yili oʻnlab oʻzbekistonliklar bedarak ketadi. Har ikki davlat tomonidan ham bu borada biron bir statistik maʼlumotlar yuritilmaydi.

Olmaliqlik Nargiza Baymakova Moskvada kafeda ishlaydi. U 11 yil oldin ish izlab Oʻzbekistondan Qozogʻistonga chiqib ketgan togʻasini izlamoqda va buning uchun uni qidirib borishga tayyor.

Uning aytishicha, 61 yoshli Nishonboy Aliqulov 2005 yilning noyabr oyida Astana shahriga ishlashga ketgan.

Nargiza bilan suhbatni koʻrish uchun mana bu yerga bosing.

Unga Innokentiy Kim ismli shaxs ish taklif qilib chaqirgan. Soʻngra Nishonboy Aliqulov ishchi sifatida sotib yuborilgan, deya taxmin qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan eʼlonlardan soʻng, 2016 yilning noyabr oyida Aliqulovning goʻyoki daragi chiqdi. Uning Astana viloyatida daydilik qilib yurganini koʻrganlar borligi maʼlum boʻldi. Ammo bular hali tasdiqlanmadi.

"Togʻamni Shchuchinsk shahridagi bozorda koʻrganlarini yozishdi. Uning tilanchilik qilib oʻtirganini aytishayapti. Ammo, men bu gapga ishonmayman, chunki togʻam oʻqimishli inson edilar. U otasiz katta boʻlgan, ukalarini oʻzlari uyli-joyli qilgan inson shunchaki daydi boʻlib ketishiga ishonmayman," - deydi Nargiza Baymakova.

"Men onam uchun uni qidirayapman. Onam har kuni yigʻlaydilar, ularning koʻz yoshlarini koʻrib chidolmayapman... Agar daydib yurgan oʻsha kishi aniq mening togʻam ekanligini bilsam, hozir boʻlsa ham ketishga tayyorman," - deydi Nargiza.

"Oʻgʻlimni internetdan topdim"

Soʻnggi yillarda yaqinlarini yoʻqotgan oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda suratli eʼlonlar berishi koʻpayib bormoqda. Rossiyada internetdan foydalanish koʻlami kengligi bois, qidiruvlar birmuncha ijobiy natija bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan eʼlonlarda izlanayotgan kishini koʻrganlar eʼlonda berilgan telefon raqam yoki internet manzili orqali xabarlashib, yaqinlari bilan bogʻlanishmoqda.

Oʻgʻlini topgan bir vatandoshimning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon berish usuli politsiya qidiruvi yoki "Jdi menya" koʻrsatuvida chiqishdan ham yaxshiroq samara beradi.

"Oʻgʻlim Bunyod Rossiyaga ishlashga ketib daraksiz ketdi. Havotir olib, rosa surishtirdik. Daragi chiqmagach, oʻzim Moskvaga kelib oʻgʻlimni izladim. Natija boʻlmadi", - deydi surxondaryolik Kamoljon Muhiddinov.

"Soʻng "Odnoklassniki"da oʻgʻlimning surati bilan qidirayotganimizni yozdim. Eʼlonim tarqalib, oʻgʻlimga yaqin joyda ishlayotgan yigitlargacha yetib boribdi. Oʻgʻlim qiyin ahvolga tushib qolgan ekan, yigitlar orqali uni topdim", - deydi u.

"Meni hech kim izlamayapti"

Image caption Hasan aka Moskvadagi masjid tashqarisida tilanchilik qilib kun kechiradi

Rossiyada bedarak yoʻqoldi deya izlanayotganlarning bir qismi oʻz ixtiyoriga koʻra oilasi bilan aloqalarni uzishgan. Baʼzilarining Rossiyada oila qurish, boshpanali boʻlish kabi sabablari boʻlsa, ayrim ishlashga keluvchi boshqa toifa migrantlarda odam savdosi, qullikka tushib qolish kabi qiyin vaziyatlar sabab boʻladi.

Jinoyat va baxtsiz hodisalar tufayli oila aʼzolari bilan bogʻlana olmayotganlar nisbatan ozchilikni tashkil qiladi.

Shuningdek, soʻnggi 2-3 yil ichida oʻnga yaqin oʻzbekistonliklar Rossiyaning turli hududlarida ogʻir ahvolda topilgan. Bunday hollarda ichkilikbozlik, daydilarga qoʻshilib ketgan migrantlarga koʻngillilar tomonidan yordam koʻrsatilgan va vatanga qaytarilgan hollar bor.

"Mening boradigan joyim yoʻq, kutadigan hech kimim yoʻq", - dedi oʻzini Hasan deb tanishtirgan Moskvaning Novokosino tumanida koʻchalarni kezadigan oʻzbekistonlik.

U Moskvadagi masjidlardan biri yonida tilanchilik qilib kun koʻradi. Oʻzining aytishicha, oilasi bilan ajrashib ketgan, toʻrt farzandi onasi bilan qolgan.

Oilaviy mojarolar, tugʻishganlarining oqibatsizligi tufayli Rossiyaga kelgani, ishsiz va pulsiz qolib daydilar safiga qoʻshilib ketganini aytgan Hasan akaning uyga qaytish niyati yoʻq.

"Meni hech kim izlamayapti baribir", - deydi u qoʻlini siltab.

Rossiyada yaqinlarini yoʻqotgan oʻzbekistonliklar aksar hollarda oʻzbek diasporalariga murojaat qilishadi. Ammo bu borada amaliy yordam koʻrsata oladigan biron bir rasmiy tashkilot hozircha yoʻq.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02