Usmonov Navalniyga yangi videomurojaat bilan chiqdi

Usmonov Image copyright ALISHER USMANOV/YOUTUBE
Image caption Usmonov Navalniyni "aytgan soʻzlariga javob berolmaslik"da ayblagan

Milliarder Alisher Usmonov muxolifatchi Aleksey Navalniyga yangi videomurojaat bilan chiqqan.

Oʻzining YouTube kanalida eʼlon qilgan videomurojaatida Usmonov Navalniyni mashhur rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning "Ityurak" asaridagi Sharikovga oʻxshatgan.

Oʻz navbatida Navalniy Alisher Usmonovni yuzma-yuz bahsga rozi boʻlmagani uchun malomat qilgan.

Uch daqiqalik videorolikda Alisher Usmonov Navalniydan bahsga chorlovni emas, balki kechirim soʻrashini kutganini aytgan.

"Buning oʻrniga, - degan asli oʻzbekistonlik milliarder, - men undan navbatdagi haqorat, yolgʻon va arzon populizmni eshitdim".

Usmonovning soʻzlariga koʻra, "buyuk rus yozuvchisi Mixail Bulgakov oʻzining "Ityurak" asarida allaqachon bu kabi personajning qiyofasini chizib ketgan.

Asar qahramoni Poligraf Sharikov "faqat tortib olish va boʻlish haqida oʻylaydi, xolos".

Usmonov v Navalniy: Oʻzbeklar kim tomonda?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Alisher Usmonov Navalniyga videomurojaat bilan chiqqan.

"Sen, Aleksey Poligrafych, uning munosib davomchisi boʻlyapsan",- degan Alisher Usmonov.

Milliarderga koʻra, Navalniy aytgan soʻzlari uchun javob berishdan qochmoqda.

"Birinchi qadamni qoʻy-da, hech qursa, xato qilganingni tan ol, yengil tortasan", - degan u.

"Yana bir marta tupurdim senga!"

Navalniyning yuzma-yuz bahsga chorlovini sharhlarkan, Usmonov bu kabi bahs "haqiqat va yolgʻon oʻrtasida" kechishini aytgan.

"Endi munozara sudda boʻladi. Yana bir marta tupurdim senga", - degan milliarder.

Oʻz navbatida Navalniy ham javob roligini eʼlon qilib, Usmonovning bahsdan voz kechish qaroridan taassuf izhor qilgan.

"Alisher Burxonovich, bahsni rad etganingizdan juda ham afsusdaman. Ammo rad javobining sababini toʻgʻri izohlaganingiz tahsinga loyiq-bu kabi bahs haqiqat va yolgʻon oʻrtasida kechgan boʻlur edi. Aynan shunday. Odamlar sizning yolgʻoningizni juda tez bilib olishadi. Shuning uchun ham siz qoʻrqdingiz", - degan rossiyalik muxolifatchi.

Alisher Usmonov Navalniyga birinchi videomurojaatini 18 may kuni eʼlon qilgandi.

Unda milliarder Navalniy jamgʻarmasining oʻziga qarshi ayblovlariga javob qaytargan.

Bunga qadar Usmonov Navalniyni mahkamaga bergandi.

Navalniy Usmonovning videomurojaatiga javob berib, unga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni takrorlagan va Usmonovni bahsga chaqirgan.

Aleksey Navalniy shu yil martida Usmonov Bosh vazir Medvedevga saroy sovgʻa qilganini iddao qilgan.

U Alisher Usmonovni "jinoyatchi" deb atagan va Rossiyada bir tiyin ham soliq toʻlamasligini aytgan.

Mahkama arafasida Navalniyga videomurojaat bilan chiqqan Usmonov bu ayblarni rad etgan.

"Tupurdim senga, Aleksey Navalniy!" deya yakunlagan oʻzining birinchi videomurojaatini dunyodagi eng boy oʻzbek.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02