Oʻzbekiston Seuldan 10 kishini hibsga olishni soʻragan

Janubiy Koreya

Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari Janubiy Koreya rasmiylaridan terrorchilikda gumon qilingan 10 kishini hibsga olishni soʻragan.

Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabarida aytilishicha, "terrorchi tashkilot aʼzolari" ekani aytilgan 10 nafar oʻzbekistonlikni hibsga olish haqidagi soʻrov Seulga oʻtgan yil oktyabrida yoʻllangan.

Agentlikning Janubiy Koreya politsiyasidan iqtibos keltirishicha, hibsga olish soʻroviga doir rasmiy hujjatlar J.Koreya Adliya vazirligiga yuborilgan.

Oʻzbek tomoni gumondorlarni vatanlariga qaytarishni soʻragan.

Anglashilishicha, Janubiy Koreya tomoni Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan darhol tekshiruvlarni boshlagan.

Ammo tekshiruvlar jarayonida ularning biron-bir terrorchi guruhga aloqadorligi yo-da terrorchi tashkilotga moliyaviy koʻmak bergani tasdiqlanmagan.

Janubiy Koreya politsiyasiga koʻra, gumondor oʻzbeklarning mahalliy fabrikalarda noqonuniy ishlab yurganliklari aniqlangan.

Shundan soʻng ular yo mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki oʻz ixtiyorlari bilan Janubiy Koreyani tark etganlar.

Ularning keyingi taqdiri haqida maʼlumot yoʻq.

Oʻzbekistonda xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolarni qidiruvga berish tajribasi keng tarqalgan.

Huquq himoyachilariga koʻra, koʻpincha ularga qarshi ekstremizm ayblovlari uydiriladi.

Oʻzbek maxsus xizmatlari Rossiyada ishlab yurgan oʻnlab muhojirlarni oʻgʻirlab ketgani hujjatlashtirilgan.

Qator holatlarda bedarak ketgan muhojirlarning keyinroq oʻzbek hibsxonasidan topilgani xabar qilingan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02