Oʻzbekistonda prezident vakolatlariga oʻzgartirish kiritiladi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Official

Oʻzbekiston parlamentining yuqori palatasi Senat 27 may kuni oʻtadigan yalpi majlisida mamlakat Konstitutsiyasiga oʻzgartishlarni muhokama qiladi.

Podrobno.uz nashrining Senat matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, oʻzgartishlar Konstitutsiyaning prezident vakolatlarini belgilovchi 93-moddasiga ham taalluqli.

Yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida moddalariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun tafsilotlari maʼlum emas.

Jumladan, aynan qanday oʻzgartishlar haqida soʻz borayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Oxirgi marta Senat joriy yilning aprelida asosiy qonunning ayrim moddalariga oʻzgartishlarni maʼqullagandi.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvining soʻnggi yillarida parlamentning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qator oʻzgarishlar amalga oshirilgan, jumladan, prezident va ijro hokimiyatining ayrim vakolatlari Oliy Majlisning qonunchilik palatasi hamda Senatga berilgandi.

"Konstitutsiyaviy islohotlar" daya taqdim etilgan bu oʻzgarishlar amalda Oʻzbekistondagi yakkahokimlik boshqaruviga taʼsir koʻrsatmagan.

Ayrim farazlarga koʻra, kutilayotgan oʻzgarishlar Prezident hokimiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan boʻlishi mumkin.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002