Rossiya-oʻzbek munosabatlari "yaxshi tomonga oʻzgargan"

Zatullin Image copyright zatulin.ru
Image caption Zatulinning aytishicha, Oʻzbekiston hukumati Rossiyadagi oʻzbeklarni himoya qilyapti

Rossiya Dumasining MDH boʻyicha qoʻmitasi raisi Konstantin Zatulin Oʻzbekistonda rahbariyat oʻzgarishi ortidan munosabatlar "yaxshi tomonga oʻzgarayotgani"ni aytgan.

Zatullining aytishicha, Oʻzbekistonning yangi hukumati Rossiyadagi oʻzbek migrantlarining muammolari bilan yaqindan shugʻullanishni boshlagan.

Duma mulozimining Moskvada oʻtgan matbuot anjumanida aytishicha, oʻzbek hukumati Rossiya hududidagi fuqarolarining manfaatlarini himoya qilib, ularni ishga joylashtirish yuzasidan murojaatlar qilmoqda.

Zatulin oʻzbek tomoni oʻz manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilayotgani va mutlaqo toʻgʻri qadam ekanini taʼkidlagan.

"Biz ham oʻz navbatida, xorijdagi fuqarolarimiz haqida shunday qaygʻurishimiz va fuqarolik yo-da yashash huquqini olishlari masalasida ularni xuddi shunday himoya qilishimiz kerak", deya Zatulinning soʻzlaridan iqtibos keltirgan Sputnik agentligi.

Duma mulozimi Oʻzbekistonda ikki fuqarolik joriy etilishi gʻoyasini qoʻllab-quvvatlamagan.

Unga koʻra, bu kabi qadam Oʻzbekistondan Rossiyada "migrantlarning oqib kelishi"ni anglatadi.

Ayni paytda u Oʻzbekistondagi, oʻzining soʻzlariga koʻra, "1 million ruslar" orasidan Rossiyaga ixtiyoriy koʻchib kelishni istaganlarga koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini aytgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02