Rossiyada aldanib qolayotgan oʻzbek qizlar koʻpaymoqda

Qizlar Image copyright Konstantin Salomatin/eurasianet
Image caption Endigina voyaga yetgan qizlar ota-onaning nazorati va himoyasidan yiroqda jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylanmoqdalar

Yaqin yillargacha turmushga chiqmagan qizlar Rossiyaga ishlash uchun kelishi hollari deyarli kuzatilmas edi. Soʻnggi paytlarda yosh qizlarning pul topish maqsadida Rossiyaga kelishi mehnat muhojirlari orasida nomusga tegish, zoʻravonlik, firibgarlik kabi jinoyatlarning ortishiga sabab boʻlmoqda.

Navoiylik Shahnoza 18 yoshida onasi bilan Sankt-Peterburgga ishlashga kelgan. Oʻzining aytishicha, onasi sogʻligi yomonlashishi ortidan Oʻzbekistonga qaytishga majbur boʻlgan.

Shahnoza esa ishsiz qolgan vaqtida "Odnoklassniki"da tanishgan yurtdoshidan ish va yashab turishga joy soʻragan. Unga begʻaraz yordam berishni vaʼda qilgan yigit uyiga kelgach, jinsiy zoʻrlangan.

"Toʻy qilaman, senga uylanaman, dedi. Unga ishondim. Birga yashab homilador ham boʻldim. Bolani tushirish uchun har xil dorilarni majburlab ichirardi. U menga hiyonat qilardi, urib doʻpposlardi. Oʻgʻlim tugʻilganidan keyin bolamni olib qoʻyib oʻzimni haydab yubordi", - deydi u.

Shahnoza farzandini olib Oʻzbekistonga qaytish niyatida, ammo buning uddasidan chiqa olmayapti.

Rossiyadagi oʻzbekistonlik muhojirlar orasida erkaklar soni ayollarga nisbatan uch barobar koʻp. Mehnat muhojirlarining oʻrtacha yoshi 18dan 45 yoshgachani tashkil etadi.

Ishlashga kelgan erkaklarning katta qismi boʻydoq va oilasini vatanda qoldirib kelganlar tashkil qilsa, ayollarning koʻpchiligining eri yoʻq, va koʻpchiligi farzandlarini yolgʻiz katta qilayotgan xotin-qizlardir.

Ulardagi jinsiy ehtiyoj tartibsiz hayotni tobora kuchaytirmoqda.

Endi voyaga yetgan qizlar esa ota-onaning nazorati va himoyasidan yiroqda jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylanmoqdalar. Vodiylik Saodat ham shunday qizlardan biri.

"Moskvaga kelganimda 17 yoshda edim. Onam savdogarlik qiladilar, oʻtgan yili katta qarz boʻlib qoldilar. Qarzni toʻlashga qarashishim uchun meni hamqishloq dugonalari bilan birga yubordilar. Ayamning dugonasi ozarbayjonlik kishi bilan "yurar" ekan, shu kishining doʻkoniga farrosh qilib ishga joylashtirdi", - deydi u.

Aytishicha, doʻkonning ozariy egasi Saodatni ishga yollashi bilanoq unga tegajoqlik qila boshlagan. Saodat esa onasi uchun kerak boʻlgan pulni ishlab topish uchun chidagan.

"Birovga aytsang, ishdan haydab yuboraman, dedi. Ayam mendan pul kutardilar. Shuning uchun hech kimga churq etmadim. Bir kuni doʻkondor meni zoʻrladi. Qoʻrqitgani, ishdan ayrilsam qarzimizni toʻlolmay qolishimizni oʻylab hech kimga ogʻiz ochmadim".

Saodatning aytishicha, u yuborgan pullar ketidan toʻrt oy oldin onasi qarzdan toʻla qutilgan. Ammo qizning uyga qaytgisi yoʻq.

"Badnom boʻlganman. Endi meni kim oladi u yerda?" - deydi u.

Muhojir xotin-qizlar oʻz haq-huquqlarini bilmasliklari, himoyasizlik va qoʻrquv sabab koʻplab jinoyatlar yopiqligicha qolib ketayapti. Ayniqsa, ayollarni ish taklifi bilan aldab chaqirib zoʻrlash hollari tobora koʻpayib bormoqda.

Shahnozaning hikoyasini tinglash uchun mana bu yerga bosing.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02