"Jdun" nega rusiyzabon internetda mashhur boʻldi?

Jdun kutmoqda... Image copyright MARGRIETVANBREEVOORT.NL
Image caption Jdun kutmoqda...

Gollandiyalik rassom Margrit van Brifortning haykali haqida uning oʻz vatandoshlaridan koʻra, Rossiya va Ukraina xalqi yaxshiroq biladi. Bu siymo internet foydalanuvchilari orasida juda tez tanildi va Jdun (Mushtoq) deya nom oldi.

BBC bilan suhbatda yosh rassom oʻziga kelib tushayotgan kutilmagan takliflar, misol uchun, Ukrainaning Dnepr shahri hokimiyati taklifi haqida soʻzlab berdi.

U bilan BBC rus xizmati muxbiri Olga Ivshina suhbatlashdi.

Image copyright MARGRIET ANTJE
Image caption Margrit van Brifort Rossiyaga borib, nega haykali mashhur boʻlganini bilishni istaydi

BBC: Sizning haykalingiz rusiyzabon internetda juda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Lekin, oʻzingiz haqida deyarli hech narsa bilmaymiz...

Margrit van Brifort: Men rassomchilikni endi-endi boshladim. Yaqinda taʼlimni tamomladim va endi oʻzimni haykaltarosh deb atay olaman. Asosan haykaltaroshlik bilan shugʻullanaman. Rassomchilik bilim yurtida oʻqiyotganimda rasm ham chizardim. Keyin menga koʻproq haykaltaroshlik yoqib tushdi. Haykaltaroshlikning menga yoqadigan tomoni shuki, rasmga qaraganda, uning koʻlami kattaroq. Men ijod qilishni yaxshi koʻraman. Shu yoʻl bilan pul topishga, asarlarimni sotishga urinyapman.

BBC: Sizning haykallaringiz Rossiya va Ukrainadagidek tanilganmi?

Margrit van Brifort: Qozogʻistonda ham juda qiziqishayotganini oʻqib qoldim. Boshqa mamlakatlarda unchalik shov-shuv boʻlmadi. Bu haykalimni 2016 yil bahorida yaratgandim. Lekin, unda hech kim katta qiziqish koʻrsatmadi. 2017 yil qishida esa Leydenga rossiyalik bir ayol keldi. U haykalimni suratga olib, qandaydir saytga qoʻygan ekan. Menimcha, uning oti Pikabu. Shunda qiziqish juda oshib ketdi.

BBC: Buni siz qanday bildingiz?

Image copyright FACEBOOK/DIANA SPRENGER
Image caption Jdunning mashhur sanʼat asarlariga qoʻyilgani muallifga juda yoqqan

Margrit van Brifort: Kutilmaganda. Instagramdagi sahifamga juda koʻp rossiyaliklar aʼzo boʻla boshladilar. Avvaliga tushunmadim va uncha eʼtibor bermadim. Keyin esa rossiyalik aʼzolarimning soni gollandiyalik aʼzolarim sonidan oshib ketdi. Bu juda qiziq edi. Sababini bilishga urinib Google orqali izlanishlar qildim. Oʻzimning haykalim haqida rus tilida yozilgan xabarlarni oʻqib, tarjima qilishga urindim. Soʻng esa Pikabu saytidagi surat muallifi boʻlgan ayol menga xat yozib, gap nimadaligini tushuntirib berdi. Haykalimga hatto Jdun deb ot berishganini oʻqidim. Bu ismni talaffuz qilish men uchun qiyin, lekin u menga juda yoqadi.

BBC: Bu kabi qiziqish sizni hayron qildimi?

Image copyright @n_troitskaya
Image caption Jdun hatto oʻzbek milliarderi Alisher Usmonovning yonida ham "paydo boʻldi"

Margrit van Brifort: Ha, bu juda kutilmagan edi. Facebook sahifamga juda koʻp xatlar keladi, odamlar haykalim ularga juda yoqqanini yozishadi, jurnalistlar yozishadi, kulgili suratlar olaman. Bu sizlarda mem deb atalar ekan. Oʻqib koʻrsam, sizda Rossiya va Ukrainada odamlarning navbatda kutish tajribasi juda boy ekan. Shuning uchun ularga Jdunning obrazi yaqin tuyulgan. Lekin, oʻzim hech qachon Rossiyada boʻlmaganim uchun buni tasdiqlolmayman.

BBC: U yerga borishni istaysizmi?

Margrit van Brifort: Ha, juda! Oʻzim bor oʻz koʻzim bilan nega haykalim bunchalar ommabop ekanini koʻrishni istardim. Ukrainadan bir qiziq taklif ham tushdi - Dnepr hokimiyati ular uchun Jdunning ikki metrli haykalini yasab berishimni soʻrayapti. Menga buni Facebook orqali yuborishdi, lekin bu qanchalar jiddiy taklif ekan, bilmasam. Aniqlab bersangiz, juda zoʻr boʻlardi.

(Dnepr shahar kengashi BBCga muallif bilan muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi. Haykal shahar markazida, shahar kengashining yonida qoʻyilishi kutilyapti.)

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02