AQSh qamoqxonasidagi oʻzbek nozirni pichoqlagan

Fazliddin Qurbonov Image copyright Official
Image caption 34 yoshli Fazliddin Qurbonov "hech qachon terrorchi boʻlmagani"ni aytgan

Amerika Qoʻshma Shtatlarida terrorchilik aybi bilan 25 yillik jazo muddatini oʻtayotgan oʻzbekistonlik muhojir Fazliddin Qurbonov qamoqxona nozirini pichoqlagan.

AQSh matbuotining yozishicha, oʻtgan oy Kaliforniya Federal qamoxonasida yuz bergan hodisada nozir Kalvin Jonson jiddiy jarohatlangan.

34 yoshli Fazliddin Qurbonov chorshanba kuni AQSh federal zobitini oʻldirishga qasd qilish aybi bilan mahkamaga chiqarilgan.

Qurbonov oʻtgan yili xorijiy terrorchi tashkilotga moliyaviy yordam berishga urinishda ayblanib, mahkum qilingandi.

2016 yil yanvaridagi mahkamada Qurbonov "hech qachon terrorchi boʻlmagani"ni aytgan.

2009 yilda AQShga kelgan va yuk mashinasi haydagan Fazliddin Qurbonov 2013 yilning 16 mayida Boyse shahridagi uyida hibsga olingandi.

Uning ustidan ilk mahkama oʻtgan yil iyul oyida oʻtkazilgan, Fazliddin Qurbonov oʻziga nisbatan ilgari surilgan uch bandli ayblovni tan olmagan.

Federal prokurorlar Qurbonov ustidan mahkamani bir yildan keyin boshlashni soʻrashgan, buning sababini jinoyat ishining "oʻta chalkash" ekani bilan izohlashgan.

Aydaxo shtatida Oʻzbekiston fuqarosiga terrorchilarga va xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olingan Oʻzbekiston Islomiy harakatiga moddiy koʻmak berish uchun til biriktirish, portlovchi moddaga egalik qilish ayblovlari qoʻyilgan.

Yuta shtatida esa unga portlovchi modda yasashni oʻrgatish ayblovi qoʻyilgan.

Hozirga kelib Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bogʻliq besh band boʻyicha ayblov ilgari surilgan.

Fazliddin Qurbonovning 2013 yil yanvar oyida qanday qilib portlovchi modda yasash, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yoʻl-yoʻriq koʻrsatgani, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgani aytilgan.

Aydaxo shtati Qochqinlar idorasiga koʻra, Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustida qochqin maqomini olganidan keyin Boyse shahrida oʻrnashgan.

Rasmiylar uning AQShda qonuniy yashaganini aytishgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02