Sankt-Peterburg: Portlash ortidan roʻza va Ramazon

Ramazon Image copyright courtesy

Rossiyaning ikkinchi yirik bu shahridagi aksariyati musulmon Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bu yilgi Ramazonni metro bekatida uyushtirilgan va oʻndan ortiq kishining umriga zomin boʻlgan portlashdan bor-yoʻgʻi ikki oycha oʻtib qarshi olishadi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu hujumda barchasi Markaziy osiyolik boʻlgan oʻndan ortiq kishi gumon qilingan, ulardan yarmiga yaqiniga allaqachon rasman ayblov ham ilgari surilgan.

3 aprel kungi portlash ijrochisi sifatida ham asli qirgʻizistonlik Rossiya fuqarosi boʻlgan Akbarjon Jalilov koʻrilgan.

Bularning barchasi Sankt-Peterburgda yashab, mehnat qilayotgan Markaziy osiyoliklarni choʻchitmay qolmagan.

Ayniqsa, noqonuniy mavqeʼda boʻlganlarining kunlab koʻchaga chiqishdan qoʻrqib qolishganiga oid xabarlar ham olingan.

Butun shahar boʻylab tekshir-tekshirlarning haftalab davom etgani, hatto, hozir ham u qadar miqyosda boʻlmasa-da, ularning davom etayotgani aytiladi.

Ammo Sankt-Peterburgda mehnat muhojirligida band boʻlgan suhbatdoshimizning aytishicha, bularning barchasi Ramazon kayfiyatiga taʼsir qila olmagan va roʻza tutmoqchi boʻlgan mintaqadoshlarining soni bu yil ham oz emas.

Rossiyadagi eng katta sondagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari ham Moskvadan keyin aynan Sankt-Peterburg hissasiga toʻgʻri kelishi aytiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02