Pogba Makkada: ‘Bunaqa go‘zallikni umrimda ko‘rmaganman’

Пол Погба Image copyright Instagram

Joriy paytda dunyodagi eng qimmat futbolchi sanaluvchi Pol Pogba musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyining ilk kunlarida kichik Haj yoki Umra ziyoratini ado etgan.

Fransiya milliy terma jamoasi va Angliyaning qizil iblislari sara o'yinchisi o'zining Makkayu Mukarramada tushgan suratini yakshanba kuni boshqalar bilan bo'lishgan.

O'zining 'Instagram'dagi akkauntida chop qilgan surati ostiga esa, "Bunaqa go'zallikni umrimda ko'rmaganman", degan so'zlarni bitgan.

Bu haqdagi videolavhamizni ham nazardan qochirmang.

Pol Pogba, bundan tashqari, tvit qilib, hammani Ramazon bilan qutlagan.

Hozir 24 yoshda bo'lgan Pogba o'tgan yil dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylangan.

"Manchester Yunayted" futbolchi uchun Italiyaning "Yuventus"iga oz emas, ko'p emas, naq £89 million funt sterling sanab berishga rozi bo'lgandi.

Shundoqqina Ramazon arafasida uning jamoasi bu yilgi Yevropa Ligasi kubogini qo'lga kiritgan.

Futbol mavsumi tugashi bilan esa, Pogbaning Umra ziyorati ilinjida ekani ayon bo'lgan.

Uning o'zi jomadonlari bilan birga tushgan qisqa videosida bu haqda ma'lum qilgan.

Agar, xabarlarga tayanilsa, Pol Pogba bundan avval ham Makkayu Mukarramada bo'lgan, Haj ziyoratini ado etishga ham ulgurgan.

Dunyoning eng qimmat o'yinchisi O'zbekiston futbol ahliga ham yaxshi tanish.

O'zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi 2010 yilgi jahon chempionati chorak finalida aynan bugungi yulduzi Pol Pogba sardorlik qilgan fransiyalik raqiblariga qarshi maydonga tushgan.

Ammo ulardan 0:4 hisobida mag'lub bo'lgandi.

Bu - O'zbekiston yoshlar milliy terma jamoasining o'z tarixida ilk bor jahon chempionatining chorak finaliga chiqishi bo'lgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02