Video - Moskvadagi dovul: oʻzbekistonliklar orasidagi talofat qanday?

Moskva Image copyright Reuters

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchiligi vakilining BBC Oʻzbek Xizmatiga bildirishicha, bu xususda hozircha qoʻllarida biror bir rasmiy maʼlumot yoʻq va oʻzlari olib borayotgan tekshiruv ishlari hanuz davom etmoqda.

Tafsilotlarini videolavhamizda ham tomosha qiling.

Agar, Rossiyadan olingan soʻnggi xabarlarga tayanilsa, dushanba kungi dovul qurbonlarining soni hozirga kelib 16 kishiga chiqqan.

Ulardan 11 nafari poytaxt Moskva, qolgani esa, Moskva viloyatida qurbon boʻlishgan.

Mahalliy masʼullarga koʻra, kutilmagan tabiiy ofat natijasida 150 kishi yaralangan.

Ulardan 108 nafari hanuz kasalxonada qolmoqda.

Hozircha qurbonlar va jarohatlanganlarning shaxslariga oid rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilinmagan.

Rossiyadagi eng katta sondagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari esa, aynan Moskva hissasiga toʻgʻri keladi.

Birgina rasmiy raqamlarning oʻzida Rossiyadagi oʻzbekistonlik migrantlarning soni bir million kishidan ortishi aytiladi.

Ular aksariyatining koʻproq qurilish va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida band ekanliklari maʼlum.

Oʻzbekiston elchixonasi vakilining bildirishicha, hozircha biror bir fuqarolari ham koʻmak soʻrab oʻzlariga murojaat qilishmagan.

Kuchli shamol aralash yomgʻir Moskva shahri va viloyatiga dushanba kuni tushdan keyin yopirilgan.

Shamolning kuchidan 3 mingdan ortiq daraxt qulab tushgan.

Yuzdan ortiq turar-joy va maʼmuriy binoga ziyon yetgan, mingdan ortiq mashina ham shikastlangan.

Agar, Interfaksning hisob-kitoblariga tayanilsa, Moskva oʻtgan bir asr davomida bu kabi halokatli dovulga guvoh boʻlmagan.

Ammo, aksariyat moskvaliklarning eʼtirof etishlaricha, hech kim boʻlajak tabiiy ofatdan oʻzlarini avvaldan ogohlantirmagan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq