Komilov valyuta bozorini liberallashtirishni taklif qildi

Abdulaziz Komilov Image copyright Official
Image caption Komilov oʻzi rahbari boʻlgan vazirlik faoliyati qoniqarsiz ekanini tan olgan

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 27 may kuni Senatning yalpi majlisidagi nutqida Oʻzbekiston xorijiy sarmoyalarni jalb etishda orqada qolayotganini tan olgan.

Komilovga koʻra, sarmoyalar oqimini toʻxtatib turgan birinchi sabab konvertatsiyadir.

U shuningdek, bank-kredit tizimining takomillashmagani va sarmoyadorlarning huquqlari yaxshi himoyalanmaganini eʼtirof etgan.

Vazirning aytishicha, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi 7 nafar yuqori martabali diplomatlari "faoliyatsizligi va sustkashligi" uchun lavozimlaridan boʻshatilgan.

Ammo Komilov ishdan boʻshatilgan elchilarning nomlari yoki qaysi davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarga rahbarlik qilgani haqida maʼlumot bermagan.

Komilovning soʻzlariga koʻra, elchilar "rahbariyat topshiriqlari ijrosiga nisbatan faoliyatsizligi va sustkashligi uchun" vazifasidan ozod etilgan.

Shuningdek, joriy yil boshidan buyon "xizmat vazifalarini bajarishdagi masʼuliyatsizligi uchun vazirning uch nafar oʻrinbosari va ikki nafar boshqarma boshligʻi vazir buyrugʻi bilan qatʼiy hayfsan olgan".

U Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining faoliyatini qoniqarsiz, deb baholagan.

Komilov asosiy kamchiliklar qatorida "chet el sarmoyalarini jalb etish hamda tashqi bozorlarga eksport hajmlarini oshirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri vazifalarining bajarilishi yuzasidan xodimlarga nisbatan talabchanlikning yoʻqolgani"ni tilga olgan.

Unga koʻra, biznes doiralari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar "qoniqarsiz".

Abdulaziz Komilov shuningdek, "sarmoyalar jalb etish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralar oʻrtasidagi vazifalarda aniq va qatʼiy taqsimot mavjud emas"ligini aytgan.

Vazirning soʻzlariga koʻra, "koʻpgina tashabbuslar mamlakatimiz uchun yaqqol foydali ekanligi koʻrinib turgan boʻlishiga qaramasdan, ular lozim darajada qoʻllab-quvvatlanmaydi".

"Odob-ahloq nuqtai nazaridan, xorijlik sheriklarning murojaatlariga munosabat bildirmaslik mumkin emas, hatto ularning takliflari bizda qiziqish uygʻotmasa ham", - deb aytgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri.

Komilov valyuta bozori va bank-moliya tizimini liberallashtirish, shuningdek, iqtisodiy maʼlumotlar, jumladan, davlat byudjeti va pul-kredit siyosati sohasida shaffoflikni yoʻlga qoʻyishni taklif qilgan.

Asosiy muammo-konvertatsiya

Komilovning shanba kuni Senatda qilgan nutqi uning Tashqi ishlar vazirligi tarixida parlamentda bergan birinchi hisoboti boʻlgan.

Shuningdek, nutq Oʻzbekiston tarixida u yoki bu vazirlik faoliyatining eng tanqidiy tahlili ham deyish mumkin.

Komilov "ulkan sarmoyaviy salohiyatga ega boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston oʻz iqtisodiyotiga xorijiy mablagʻlarni jalb etish borasida koʻplab davlatlardan orqada qolayotganini" eʼtirof etgan.

Uning maʼlum qilishicha, Tashqi ishlar vazirligi xorijiy sarmoyadorlar, biznesmenlar va nufuzli moliya tashkilotlarining ekspertlari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazgan.

Soʻrovnoma natijalaridan maʼlum boʻlishicha, xorijiy biznes doiralari Oʻzbekistonga sarmoya oqimini toʻxtatib qoʻyayotgan birinchi omil valyuta konvertatsiyasi ekanini aytishgan.

Shuningdek, "bank-kredit tizimining takomillashmaganligi, sarmoyadorlar huquqlarining zaif himoyasi va yetarli darajada samarali boʻlmagan sud tizimi;maʼmuriy-byurokratik toʻsiqlar" tilga olingan.

Komilov "koʻplab xorijiy kompaniyalar oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat olish tartib-qoidalaridan norozi" ekani va "past investitsiya reytingi" ni ham tilga olgan.

Vaholanki, bunga qadar Oʻzbekiston hukumati mamlakatda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani va ularning huquqlari yaxshi himoyalanganini aytib kelgan.

Avvalroq Senat raisining oʻrinbosari Sodiq Safoyev iqtisodiy islohotlarni kechiktirmaslikka chaqirgandi.

Safoyev islohotlar ogʻriqli boʻlishi, ammo ularni "umuman amalga oshirmaslik yanada koʻproq ziyon keltirishi"ni aytgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq