Makkeyn: Putin Islomiy davlatdan koʻra katta tahdid

Makkeyn Image copyright Getty Images

AQSh Kongressi senatori Jon Makkeyn Rossiya Prezidenti Putin xalqaro xavfsizlik uchun IShIDdan koʻra katta tahdid ekanligini aytgan. U Avstraliyaga safari davomida Amerika senati Rossiyaga nisbatan sanktsiyalarni uzaytirishga harakat qilishini taʼkidlagan.

"Putin - asosiy va IShIDdan ham katta tahdid", - degan u Avstraliyaning ABC kanaliga bergan intervyusida.

Makkeyn Rossiyani azaldan tanqid qilib keladi. U Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni uzaytirish va kuchaytirish boʻyicha bir necha marotaba chiqish qilgan.

Oldinroq u Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov haqida gapira turib Putinni nishonga olgan edi.

"Lavrov - bu Ukrainaga bostirib kirib Qrimni egallab olgan, inson huquqlarini buzuvchi va Halabdagi shifoxonani bombalash uchun Rossiya qurollarini ishlatadigan qotil hamda bosqinchining qoʻlidagi bir qoʻgʻirchoq ekanligini bilaman", - degan Makkeyn.

Unga javoban Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Makkeynning gaplarini surbetona, deb atagan.

"Xudoga shukrki, bu janob AQSh tashqi siyosatini shakllantirmaydi, belgilamaydi va amalga oshirmaydi. Ushbu taxqirona va surbet hamlalarga katta baho berib, ularni Rossiya va Amerika munosabatlariga bogʻlamaylik", - degan Peskov.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02