Rossiya raketalari IShIDni nishonga olgan

Rossiya bundan oldin ham Oʻrta Yer dengizidagi suvosti kemasidan raketa otgan(2015 yilgi fotosurat) Image copyright TASS
Image caption Rossiya bundan oldin ham Oʻrta Yer dengizidagi suvosti kemasidan raketa otgan(2015 yilgi fotosurat)

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyadagi oʻzini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh mavqeʼlarini qanotli raketalar hujumiga tutgani haqida xabar tarqatdi.

"Admiral Essen" kemasi va "Krasnodar" suvosti kemasidan toʻrtta "Kalibr" qanotli raketasi Palmiradan sharqdagi hududga otilgani aytilmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligiga koʻra, Palmiradan sharqda IShIDning Raqqa shahridan safarbar etilgan ogʻir texnikasi va "jangarilarning tirik kuchlari yigʻilgan" boʻlgan.

"Krasnodar" kemasi suv ostidan turib qanotli raketalarni otgani xabar qilinmoqda.

Barcha nishonlar muvaffaqiyatli yoʻq qilindi, deya hisobot bergan mudofaa vazirligi.

Rossiya Suriyadagi harbiy amaliyotlarini 2015 yil sentyabrida boshladi.

Rossiya rasmiylariga koʻra, harbiy amaliyotlardan koʻzlangan maqsad, oʻzini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruhga qarshi kurashdir.

Biroq Gʻarb fikricha, Rossiya IShIDga qarshi kurash bahonasida Suriya Prezidenti Bashar al-Asadga qurolli muxolifatidan qutulishda yordamlashmoqda.

2016 yil martida Prezident Vladimir Putin Suriyadagi harbiy amaliyotlari yakuniga yetgani haqida eʼlon qildi.

Suriyada 30 dan ortiq rossiyalik harbiy xizmatchi halok boʻldi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq