Kobuldagi portlashda oʻnlab insonlar halok boʻlgan

Portlashda jarohatlangan kishiga yordam Image copyright Reuters

Afgʻoniston poytaxti Kobul markazida roʻy bergan juda kuchli portlash oqibatida 80 dan ortiq inson halok boʻlgan, 300 dan ziyod kishi jarohatlangan.

Portlash prezident saroyi va xorijiy elchixonalarga yaqin joyda sodir etilgan.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Bu paytda koʻpchilik ish, oʻqish va oʻz yumushiga otlangan boʻlgan.

"Bu Germaniya elchixonasi yaqinidagi portlovchi modda toʻldirilgan avtomobilь boʻlgan, lekin yaqin-atrofda boshqa muhim muassasalar ham bor. Nima nishonga olinganini aytish qiyin", deb aytgan Kobul politsiyasi vakili.

Rasmiylarga koʻra, xudkush hujumchi oʻzining boshqaruvidagi yuk avtomobilini portlatgan.

Germaniya elchixonasining Afgʻon qoʻriqchisi halok boʻlgan, bir necha elchilik xodimi jarohatlangan.

Jarohatlanganlarning aksari tinch aholi vakillari boʻlganlar.

Portlashda BBC xodimlarini ishga olib ketayotgan BBCning Kobuldagi idorasi haydovchisi Muhammad Nazir halok boʻlgan.

Mashinada boʻlgan toʻrt BBC xodimi jarohatlangan.

Portlash shunchalik kuchli boʻlganki, bir necha yuz metr uzoqlikdagi binolarga ham shikast yetkazgan.

Internet sotsial tarmoqlarida eʼlon qilingan suratlarda shahar osmonida ulkan tutun koʻtarilganini koʻrish mumkin.

Shahar markazi politsiya tomonidan oʻrab olingan.

Oxirgi oylarda Kobulda tinch fuqarolar oʻlimiga olib kelgan bir necha hujumlar sodir etildi.

Sal oldinroq xudkush hujumchi AQSh elchixonasi oldida NATO harbiy karvonini nishonga olgani oqibatida toʻqqiz tinch fuqaro halok boʻlgan edi.

Biror bir guruh portlash masʼuliyatini zimmasiga olmagan, biroq bundan oldin Tolibon oʻzining bahorgi hujumlarini boshlashi haqida eʼlon qilgan.

Tolibon Kobul hujumi borasida bayonot tarqatib, portlashga aloqasi yoʻqligini eʼlon qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq