Videodastur - IShID mi, Tolibon va yoki?..

Kobul Image copyright Reuters

Afgʻoniston poytaxti Kobulning qoq bagʻrida uyushtirilgan, oʻnlab insonlarni oʻldirib, yana yuzlabini yaralagan qonli xudkushlik hujumiga masʼuliyatni hali-hanuz biror bir guruh rasman oʻz zimmasiga olib chiqmagan.

Mamlakatning bu yaqin tarixidagi eng halokatlilaridan biri sifatida eʼtirof etilayotgan hujum bugun tonggi soatlarda amalga oshirilgan.

Maxsus jonli dasturimizni mana bu yerda tomosha qiling.

Ishonilishicha, xudkush hujumchi yoki hujumchilar yirik miqdordagi portlovchi modda joylashtirilgan yuk mashinasi yoki suv tankerini poytaxt Kobulning eng kuchli qoʻriqlanuvchi, diplomatik vakolatxonalar joylashgan va prezident saroyiga yaqin sathigacha haydab kirish va portlatishga muvaffaq boʻlgan.

Kamida 80 nafar insonni oʻldirish barobarida 350 dan ortigʻini yaralagan.

Hujum Afgʻoniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonotida bor-yoʻgʻi sanoqli haftalar oʻtib roʻy bergan.

Ammo harakat musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida uyushtirilgan bu halokatli hujumga oʻzlarining biror bir aloqalari yoʻqligini aytib chiqqan.

Boshqa tomondan, Tolibonning oʻzi xuddi shu qisqa vaqt oraligʻida oʻnlab insonlarning umrlariga zomin boʻlib ulgurgan.

Shu oy boshida Kobul sahna boʻlgan va NATO karvoni nishonga olingan hujumga masʼuliyatni esa, IShID jangari guruhi oʻz zimmasiga olib chiqqandi.

Jangari guruhlarning ustma-ust hujumlari yangi AQSh maʼmuriyati Afgʻonistonga oid oʻzining yangi siyosatini hali toʻligʻicha eʼlon qilmagan, Rossiya ham Afgʻoniston masalasida faollashish harakatida boʻlgan bir paytga toʻgʻri kelgan.

Tahlilchilarga koʻra, Kobuldagi soʻnggi hujum butun Afgʻoniston boʻylab xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy yomonlashib borayotganining yana bir salmoqli dalili boʻladi.

Shunday ekan Afgʻonistonga nimalar boʻlayapti?

  • BBC Oʻzbek Xizmati bugungi jonli dasturini xosan ayni shu mavzuga bagʻishladi - nazardan qochirmang.

Bu mavzuda batafsilroq