Usmonov sudda Navalniy ustidan yutib chiqdi

Alisher Usmonov Image copyright MIKHAIL METSEL/TASS

Moskvaning Lyublinskiy tuman mahkamasi milliarder Alisher Usmonovning muxolifatchi Aleksey Navalniyga qarshi oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish haqidagi daʼvosini qondirgan.

Mahkama Aleksey Navalniy va uning Korruptsiyaga qarshi kurash jamgʻarmasini raddiya berish va tarqatgan xabarlarini oʻchirishga majbur etgan.

Oʻchirish, shu jumladan, "Bu sizga Dimon emas"(On vam ne Dimon) filmini Internetdan olib tashlashni ham nazarda tutadi.

"Tarqatilgan maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi, deb topilsin, javobgardan raddiya berish talab qilinsin", deyiladi sud qarorida.

Mahkama ikki kun davom etdi.

Unda sudьya Marina Vasina Navalniy himoyachilarining 23 ta arznomasi, xususan, mahkamaga Bosh vazir Dmitriy Medvedevni guvohlikka chaqirish taklifini rad etdi.

Sud qarori eʼlon qilinganidan keyin Aleksey Navalniy "On vam ne Dimon" filmini oʻchirmasligini bildirdi.

Shu paytgacha YouTubeda bu filmni 20 milliondan ortiq marta tomosha qilishgan.

Navalniy sud qarori ustidan shikoyat qilishini aytgan.

"Bu qarorga, Alisher Burhonovichning soʻzlari bilan aytganda, tupurdim", deb aytgan Navalniy jurnalistlarga.

Image copyright Reuters

30 may kuni Lyublinskiy tuman mahkamasi milliarder Alisher Usmonovning muxolifatchi Aleksey Navalniyga qarshi daʼvo arizasini koʻrib chiqishni boshladi. Biznesmen siyosatchiga qarshi oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish daʼvosini ilgari surgan. Bundan oldin Navalniy Alisher Usmonovni Bosh vazir Dmitriy Medvedevga pora berishda ayblagan edi.

BBC Rus xizmati ushbu shov-shuvli sudning muhim raqamlariga nazar tashlagan.

Image copyright Reuters
Image caption Aleksey Navalniy (oʻngda) Alisher Usmonovning advokati Genrix Padva bilan selfiga tushmoqda

5 milliard rubl - Aleksey Navalniy va uning Korruptsiyaga qarshi kurash Fondi hisob-kitobi boʻyicha Znamenka posyolkasidagi uy narxi shuncha. Bu binoni milliarder Alisher Usmonov "Sotsgosproyekt" fondiga begʻaraz hadya qilgan. Navalniyning aytishicha, bu Alisher Usmonovning Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga bergan poraning boshqacha koʻrinishi. "Sotsgosproyekt" fondi rahbarlaridan ikki nafari Medvedevning kursdoshlaridir. Alisher Usmonov advokatlariga koʻra, uyni topshirish boshqa yer uchastkasini qoʻlga kiritish maqsadidagi koʻp bosqichli oldi-berdining bir qismi boʻlgan. Shuningdek, milliarder, bu mulkning "Sotsgosproyekt" jamgʻarmasiga topshirilishi pora boʻlishi mumkin degan maʼlumotni rad etish va yoʻq qilishni talab etmoqda.


12 parchani rad etishni talab qilmoqdaAlisher Usmanov. Bu parchalar Aleksey Navalniy va uning Korruptsiyaga qarshi kurash Fondi tomonidan turli joylarda eʼlon qilingan materiallar tarkibidagi parchalardir. Bu parchalarda Medvedevga dachani poraga berishdan tashqari, "Usmonov jinoyatchi", u Rossiya Bosh vaziri birinchi oʻrinbosari Igor Shuvalovga goʻyoki pora bergan, kon-boyitish kombinatlarini xususiylashtirgan va oʻmargan, Rossiyada soliq toʻlamayapti, Shveytsariyada soliq toʻlaydi va "Kommersant" matbaa uyida tsenzura qilayapti, deb aytilgan.


23 arznoma kiritishdi sud payti Navalniy va FBK. Sudya Marina Vasina arznomalardan faqat bittasinigina qondirdi. Bu Rosreyestrdan berilgan Znamenkadagi bino haqidagi hujjatni mahkama ishiga qoʻshish haqidagi arznoma edi.


10 guvohni sudga chaqirishdan bosh tortdi hakam Marina Vasina. Navalniy va FBK tomoni sakkiz kishini chaqirtirishni soʻradi. Ular orasida Bosh vazir Medvedev, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Shuvalov, "Sotsgosproyekt" jamgʻarmasining eng yuqori rahbarlari va Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi bor edi. Daʼvogar tarafi esa ID "Kommersant" rahbarlari Vladimir Jelonkin va Sergey Yakovlevni chaqirtirish va u yerda tsenzura bor-yoʻqligini soʻrashni taklif qildi. Biroq hakam Vasina bu arznomalarni qondirishdan bosh tortdi.


140 sahifali hujjatlar Usmonov tarafi arznomalari boʻyicha sud ishiga tirkaldi. Bular orasida AQSh Qimmatbaho qogʻozlar komissiyasi sayti oshkor etgan maʼlumotlar ham bor edi.


10 daqiqa vaqt berdi mahkama Navalniy va uning Korruptsiyaga qarshi kurash fondi vakillariga mahkama ishi hujjatlari bilan tanishib chiqishlari uchun.


6 yurist sudda Alisher Usmonovning manfaatini himoya qildi. Ularga rossiyalik mashhur advokat Genrix Padva rahbarlik qildi. 86 yoshli advokat bundan oldin YuKOS shirkati rahbari Mixail Xodorkovskiy va sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovni mahkamada himoya qilgan.


1 tarafdor. Lyublinskiy sudi binosi oldiga Alisher Usmonovning bir tarafdori keldi. Oʻzining ismini Zulfiya deb aytgan ayol oʻzbekistonlik ekani va taniqli yurtdoshini qoʻllab-quvvatlashga qaror qilganini maʼlum qildi. U mahkama binosi oldida qoʻlida plakat ushlab turdi. Plakatda "Alisher Usmonov, biz sizga ishonamiz, biz siz bilanmiz, biz siz tarafingizdamiz!!!" deb yozilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq