Mirziyoyev bankirlarga: "Assalomu alaykum, Eshmat aka!"

Shavkat Mirziyoyev Image copyright Official

Internetga sizdirilgan audioyozuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatning iqtisodiyot kompleksi hamda bank-moliya tizimi rahbar-xodimlarini keskin tanqid qilgan.

Mahalliy nashrlar videoselektr yigʻilishi ekanini aytayotgan hukumat yigʻinida Prezident, xususan, Samarqand viloyat bank tizimi rahbarlariga xalq bilan yaqindan ishlamayotgani, xususan, uyma-uy yurib, kredit tarqatmayotgani uchun tanbeh beradi.

"...Bunaqa bankir nima uchun kerak?! Bulungʻurda eng kamida 2ta yoki 3ta bank bor. Ana, 200 odam nima ish qilayapti? Hech balo qilmayapti", - deya figʻoni chiqadi davlat rahbarining.

"Quyi (boshqaruv)da tizim yoʻq"ligini aytgan Shavkat Mirziyoyev yuzaga kelgan vaziyatda iqtisodiyot kompleksi rahbari va Bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimovni ayblaydi.

"Azimovga oʻxshaganlar pastga tushib ishlaganda, bu narsa boʻlmasdi", - deydi Mirziyoyev hokimiyat uchun pinhona kurashlarda oʻzining eski raqibi deb ishonilgan Bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimovga xitoban.

3,5 daqiqalik audioyozuv nihoyasida Prezident "rayonlardagi moliya xodimlarining 50 foizini" ishdan boʻshatish bilan tahdid qiladi.

Bundan avval ham Mirziyoyev amaldorlarga qattiq tanbeh bergan hukumat yigʻiniga doir audiyozuvlar internetda paydo boʻlgandi.

Rasmiylar bu audioyozuvlar yuzasidan hech qanday sharh berishmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat oʻzbekistonliklar Prezidentning oʻz qoʻl ostidagilarga nisbatan qattiqqoʻlligini olqishlashmoqda.

Ayni paytda Mirziyoyev tanlagan usul eskicha boshqaruvdan boshqa narsa emasligi, amaldorlarni almashtirish bilan vaziyatni oʻnglab boʻlmasligini aytayotganlar ham bor.

Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02