Rossiya Oʻzbekistonga faqat 30 ming tonna neft beradi

Jizzax Neftni Qayta ishlash zavodi tamal toshi qoʻyilgan joy Image copyright FACEBOOK/MIRZIYOYEV
Image caption 27 aprel kuni Zafarobod tumanida Jizzax Neftni Qayta ishlash zavodiga tamal toshi qoʻyildi

Rossiya Oʻzbekistonga vaʼda qilgan 500 ming tonna xom neftning atigi 30 mingini 2017 yilda yetkazib beroladi.

Bu haqda neftegaz.ru web-sayti xabar tarqatgan.

Rossiya bilan Oʻzbekiston hukumatlari 2017 yilda 500 ming tonna neft yetkazish boʻyicha shartnoma imzolaganlar.

30 ming tonna sinov tariqasida yetkazilishi, bundan ortigʻini Rossiyadan Oʻzbekistonga olib kelish imkoni yoʻqligini aytishgan rasmiylar.

Neft yetkazib berishning aniq va qatʼiy grafigi yoʻq, bu grafik dastlabki sinovlar oʻtkazilib, yoʻnalish aniqlab olinganidan keyin ishlab chiqilishi mumkin.

Rossiya rasmiylariga koʻra, xomashyoni Omsk-Pavlodar-Chimkent magistral neft quvuri orqali Qozogʻistonning Chimkent shahrigacha oqizib yetkazish, Chimkentdan Oʻzbekistongacha esa transportda tashib borish rejalangan.

Omsk-Pavlodar-Chimkent magistral neft quvuridan Oʻzbekistonga neft yetkazish haqida Rossiya va Qozogʻiston energetika vazirliklari kelishuvga erishganlar.

Oʻzbekiston esa Qozogʻiston chegarasigacha 95 kilometrlik magistral neft quvuri qurishni boshlagan.

Bu quvurni Omsk-Pavlodar-Chimkent magistraliga ulash moʻljallanmoqda.

Qozoq chegarasidan xom neftni quvur orqali Jizzax Neftni qayta ishlash zavodigacha yetkazish rejalashtirilgan.

Yangi neftni qayta ishlash zavodi qurilishi boshlandi

Jizzax Neftni qayta ishlash zavodining qurilishi shu yil aprelida boshlandi.

Bu zavod yiliga 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlay oladi.

U yerda bir yilda 700 ming tonna aviatsiya kerosini, 3,7 million tonna motor yoqilgʻisi, 300 tonna benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Jizzax zavodi 2 milliard 200 million dollarga baholangan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq