Qirgʻiz parlamenti saylov kunini oʻzgartirdi

Qirgʻizistondagi saylov uchastkasi

Qirgʻiziston parlamenti prezidentlik saylovi kunini 19-noyabrdan 15-oktyabrga oʻtkazish haqidagi qonunni maʼqullagan.

Ushbu qonunda aytilishicha, bundan keyin mamlakatda prezidentlik saylovi amaldagi prezident vakolati tugaydigan yilning oktyabr oyining uchinchi yakshanbasiga belgilanishi shart.

Fevral oyida 2017 yilning 19-noyabrini Qirgʻiziston prezidentlik saylovi kuni deb eʼlon qilingan edi.

Shu yil Almazbek Atamboyevning olti yillik prezidentlik muddati nihoyasiga yetadi.

Qirgʻiziston qonunchiligiga binoan janob Atamboyevning oʻz nomzodini ilgari surishga haqqi yoʻq.

17-may kuni janob Atamboyev yetakchiligidagi Sotsial-Demokratik partiya Qirgʻizistonning joriy Bosh vaziri Sooronbay Jeyenbekovning nomzodini prezidentlikka ilgari surdi.

58 yoshli Sooronbay Jeyenbekovga qarshi prezidentlik poygasida yana uch taniqli siyosatchi nomzodi qoʻyilgan.

Ulardan ikki nafari Qirgʻizistonning sobiq bosh vazirlaridir.

"Respublika - Ata-Jurt" (RAJ) partiyasidan Omurbek Babanov, "Birge" siyosiy harakatidan Temir Sariyev, "Onuguu - Progress" fraktsiyasidan Baqit Torobayevlar bu yilgi Qirgʻiziston prezidentligi uchun kurashdagi asosiy oʻyinchilar boʻlishi kutilmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq