Rossiyada roʻyxat tartibi qattiqlashtirildi

Nijniy Novgorod shahridagi stadionda 2018 yilgi Jahon Kubogi musobaqalari oʻtkaziladi Image copyright AFP Getty Images
Image caption Nijniy Novgorod shahridagi stadionda 2018 yilgi Jahon Kubogi musobaqalari oʻtkaziladi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga iyun oyida borayotgan oʻzbekistonliklarni futbol boʻyicha 2018 yilgi Jahon Kubogi va FIFA 2017 Konfederatsiya Kubogi musobaqalari payti migratsiya tartibi oʻzgarishidan ogohlantirdi.

Rossiya hududida xorijiy fuqarolar uchun migratsiya tartibi 2017 yilning 1 iyunidan 12 iyuligacha qattiqlashtirilishi xabar qilingan.

Bugundan boshlab Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va Qozon shaharlarida xorijiy mamlakat fuqarolarini migratsiya roʻyxatiga qoʻyish muddati 7 kundan 1 kunga tushirilgan.

12 iyulgacha Konfederatsiya Kubogi oʻyinlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Xuddi shunday tartib kelgusi yil futbol boʻyicha Jahon Kubogi musobaqalari boʻlib oʻtadigan kunlarda ham joriy etiladi.

2018 yilning 25 mayidan 25 iyuligacha Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-Don, Samara, Saransk va Sochi shaharlariga borgan chet elliklarning ham 1 kunda migratsiya roʻyxatidan oʻtishi talab qilinadi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi roʻyxatga olish tartibining oʻzgarganini inobatga olish muhimligini eslatgan.

Va oʻz vaqtida migratsiya roʻyxatiga qoʻymaslik Rossiya qonunlarini buzish hisoblanib, bundan keyin Rossiya hududiga kirish taqiqlanishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan Oʻzbekiston tashqi siyosat mahkamasi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq