"Seul oʻzbeklarning huquqlarini poymol qilgan"

Janubiy Koreya politsiyasi Image copyright EPA
Image caption Janubiy Koreya politsiyasi

AQShda joylashgan muhojirlik va boshpana izlash masalalarida ham koʻmaklashadigan ASFA Consulting shirkati rahbari Shermamat Abdullazodaning BBCga aytishicha, Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari jinoyat sodir etishda gumon qilgan Oʻzbekiston fuqarolarining huquqlari Janubiy Koreya rasmiylari tomonidan ham buzilgan.

Shermamat Abdullazodaga koʻra, Janubiy Koreyada musulmonlarning ibodat qilishi uchun masjid qurishda yordam berishning oʻzi Oʻzbek rasmiylari tomonidan "noqonuniy diniy faoliyat yuritish" deb talqin qilingan va masjid qurishda koʻmaklashgan oʻzbekistonlikni ham Seuldan hibsga olish soʻralgan.

Oʻzbekistonga chiqarib yuborish qarori ustidan mahkamaga murojaat qilgan va ishi sudda koʻrib chiqilayotgan Oʻzbekiston fuqarosi manfaatlarini himoya qilayotgan ASFA Consultingdan bildirishlaricha, Oʻzbekistondan 20 dan ortiq fuqaroni hibsga olish haqidagi soʻrov 2016 yilning oktyabrida Seulga borgan.

Oʻzbekiston gumondorlarni vatanlariga qaytarishni soʻragan.

Janubiy Koreya tomoni Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan tekshiruvlarni boshlagan.

Ammo tekshiruvlar jarayonida ularning biron-bir terrorchi guruhga aloqadorligi yo-da terrorchi tashkilotga moliyaviy koʻmak bergani tasdiqlanmagan.

Janubiy Koreya politsiyasiga koʻra, gumondor oʻzbeklarning mahalliy fabrikalarda noqonuniy ishlab yurganliklari aniqlangan.

Image copyright FACEBOOK/ALEXSHERM

Shermamat Abdullazodaning aytishicha, Janubiy Koreya davlati tomonidan tayinlangan advokatning Oʻzbekiston fuqarolarini vataniga majburan chiqib ketishiga undash, nozirlarning Oʻzbekiston fuqarolarini oʻz ixtiyoriga qarshi ravishda Toshkentga parvoz qilayotgan samolyotga chiqarishlari, gumondorning aybdorligi isbotlangan hujjatni taqdim qilish talabini rad etish hollari kuzatilgan.

Shermat Abdullazoda bilan suhbatni tinglang

Shu taxlit oʻntacha Oʻzbekiston fuqarosi Janubiy Koreyadan yo chiqarib yuborilgan yoki oʻz ixtiyorlari bilan ketishga majbur etilganlar.

Ularning keyingi taqdiri haqida maʼlumot yoʻq.

Oʻzbekistonda xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolarni qidiruvga berish tajribasi keng tarqalgan.

Huquq himoyachilariga koʻra, koʻpincha ularga qarshi ekstremizm ayblovlari uydiriladi.

Oʻzbek maxsus xizmatlari Rossiyada ishlab yurgan oʻnlab muhojirlarni oʻgʻirlab ketgani hujjatlashtirilgan.

Qator holatlarda bedarak ketgan muhojirlarning keyinroq oʻzbek hibsxonasidan topilgani xabar qilingan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq